Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Temuriylar davri durdonalari” ko`rgazmasining tantanali ochilishi bo`lib o`tdi. Ekspozisiya “O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” madaniy meros haftaligi doirasida ochildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Ko`rgazmadan oldingi ilmiy davra suhbati doirasida sharqshunos olimlar, muzeylar xodimlaridan iborat ma`ruzachilar Amir Temur va avlodlarining jahon tarixidagi o`rni, merosi, O`zbekiston olimlari va turkiy dunyo taniqli arboblarining jahon sivilizasiyasi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo`shgan hissasini muhokama qildilar.
Ishtirokchilar “O`zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans asosi” haftaligi va “Yangi O`zbekiston: taraqqiyot, innovasiya va ma`rifat” xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligining muhimligi hamda ayni vaqtida amalga oshirilganligini qayd etdilar. Yangi O`zbekistonda madaniy meros masalalariga alohida e`tibor qaratilayotgani, xususan, ushbu loyihani rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani alohida ta`kidlandi.
Davra suhbati yakunida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati nomidan “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” turkumining 50 jildlik kitob-albomlarini olish uchun sertifikat topshirildi.
Ko`rgazma va davra suhbati ishtirokchilari, taniqli sharqshunos olimlar ushbu tadbir hamda uning jahon ilm-fani uchun ahamiyati to`g`risida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdilar.
“O`zbekiston madaniyati tez va muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganidan juda xursandman. Menimcha, bu Yangi O`zbekistonning o`ziga xos xususiyati. Bu erning madaniy merosi nafaqat ushbu mamlakat xalqi, balki butun dunyo xalqlari uchun ham katta ahamiyatga ega, zero O`zbekiston Osiyoning qoq markazida, Evroosiyo qit`asining aynan o`rtasida joylashgan. O`zbekiston madaniy merosida saqlanib qolgan xazinalar butun dunyoga tegishli xazinalardir”, — dedi O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi a`zosi, Yaponiyaning Miho muzeyi maxsus ilmiy xodimi Sergey Laptev.
O`zbekiston olimlari va ularning jahon sivilizasiyasiga qo`shgan bebaho hissasi haqida gapirar ekan, Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” Islom merosi jamg`armasi ijrochi direktori Sali Shahsivariy O`zbekiston jahon sivilizasiyasi rivojiga bebaho hissa qo`shgan ko`plab olimlar yashab ijod qilgan zamin ekanligini ta`kidladi.
Euronews — O`zbekiston madaniy merosi haftaligining axborot hamkori.






