Avvalroq, Buxoro shahridagi muqaddas qadamjolardan biri – “Poyi Kalon” majmuasi oldida 19 yoshli yigit va qizning raqs tushgani aks etgan video haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB rasmiy ma`lumot berdi.
Ta`kidlanishicha, video Buxoro shahar IIO FMBda belgilangan tartibda qayd etilib, mas`ul xodimlar tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi.
Aniqlanishicha, 2022 yilning iyul oyi o`rtalarida 2004 yilda G`ijduvon tumanida tug`ilgan, tumanning “Zarangari” mahallasida ro`yxatda turuvchi, Buxoro shahar A.Somiy ko`chasida vaqtincha ijarada yashovchi E.M. ismli ayol o`zining tanishi 2004 yilda Kogon tumanida tug`ilgan, hozirda Samarqand temir yo`l texnikumi 1-bosqich talabasi, Kogon tumani “Taraqqiyot” mahallasida yashovchi A.A. ismli yigit bilan Buxoro shahrining tarixiy qismidagi “Poyi Kalon” majmuasiga taxminan soat 05:00 larda kelib, turli beo`xshov qiliqlar qilgan. Holat “H.” ismli tanishining qo`l telefoniga videoga olingan hamda o`tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, har ikkala fuqaroga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasiga asosan ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, javobgarlikka tortildi va “H.” ismli fuqaroning shaxsini aniqlash choralari ko`rilmoqda.
Holatni videoga olib ijtimoiy tarmoqqa chiqarib yuborgan H. ning shaxsiga aniqlik kiritilib, qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi ta`minlanadi.






