AsosiyJamiyat

Qarzni o`z vaqtida to`lamaganlik uchun jarima miqdori ijro hujjatidagi summadan oshmasligi belgilandi

'Qarzni o`z vaqtida to`lamaganlik uchun jarima miqdori ijro hujjatidagi summadan oshmasligi belgilandi'ning rasmi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ–851-son, 04.07.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma`muriy jarima miqdorini belgilashga qaratilgan o`zgartirishlar va qo`shimcha kiritildi 

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarga ko`ra:

BHMning 10 baravariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish to`g`risidagi ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan ijro etmaslik:

- fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so`mgacha);

- mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Ilgari jarimaning eng kam miqdori qat`iy belgilangan bo`lib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan boshlab jarima qo`llanilgan. 

- Shuningdek, ma`muriy jarima summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emasligi belgilandi.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Qonunga ko`ra, Majburiy ijro byurosi nomidan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishga hamda ma`muriy jazo choralarini qo`llashga endilikda quyidagilar haqli:

- O`zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi;

- Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o`rinbosarlari;

- Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo`limlari boshliqlari.

Ilgari ma`muriy jazo choralarini qo`llash davlat ijrochilariga tegishli bo`lgan.

    Boshqa yangiliklar