AsosiyJamiyat

Ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizni zo`rlagani aytilmoqda

'Ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizni zo`rlagani aytilmoqda'ning rasmi

Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimi 13 yoshli qizni zo`rlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda qizning onasi Nemolchi.Uz tahririyatiga ma`lum qilgan.

Jinoyat may oyining oxirida sodir bo`lgani aytilmoqda. 13 yoshli qiz dugonasi bilan ko`chada ketayotganda qo`shnisi ularga mashinaga o`tirib, sayr qilishni taklif qiladi. Qiz qo`shnisini yaxshi tanigani uchun hech qanday yomon xayolga bormaydi, deyiladi tarqatilayotgan xabarda.

Unda aytilishicha, o`smir qizlarni ijaraga olingan “dacha”ga olib ketishadi, qo`shni erkak qizni zo`rlaydi. Qizlarni yana mahallaga olib kelib tashlab ketishadi.

Qizning qarindoshlari undagi o`zgarishlardan shubhalanib yurishadi, u hammadan o`zini uzoq tuta boshlaydi. Bir haftadan keyin jabrlanuvchining onasi voqeani bilib oladi va darhol ichki ishlar organlariga ariza yozadi. Ta`kidlanishicha, ekpertiza bir hafta o`tgach tayinlanadi, tekshiruv natijalari ko`p vaqt oshkor qilinmaydi.

Qizning onasining so`zlariga ko`ra, gumonlanuvchi Toshkent shahri Yashnobod tumani IIB xodimi. Qizlarni olib ketayotganini ko`rgan guvohlar, shuningdek, “dacha” egasi ham ko`rsatma bergani aytiladi.

Ona o`z murojaatida gumonlanuvchi va uning yaqinlari ularga tahdid qilgani, do`q-po`pisalar hatto ichki ishlar va prokuratura xodimlari oldida ham ko`p marta takrorlangani, tahdidlar fakti haqida ham ariza yozgani, hozircha ushbu ariza bo`yicha hech qanday chora ko`rilmaganini yozadi.

Aytilishicha, ish prokuratura nazoratiga olinib, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to`lmagan shaxsni zo`rlash) bilan ish ochilgan.

Erkak hibsga olingan va egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, deyiladi xabarda.⠀

    Boshqa yangiliklar