Korxonalarning o`ziga zarur kadrlarni tayyorlash uchun ajratgan grant mablag`lari soliq bazasiga kiritilmaydi. Bu haqda Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ma`lum qildi.
“Bundan tashqari, davlat grantlari bilan bir qatorda, ish beruvchilar va oliygohlar tomonidan grantlar berish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Misol uchun, yiliga 100 milliard so`m “oborot” qilayotgan korxona o`ziga zarur 30 nafar yosh mutaxassis uchun grant ajratsa, yiliga o`rtacha 300 million so`m xarajat qiladi. Faoliyat turiga qarab, korxonalar ushbu xarajati doirasida 30-35 million so`m soliq to`lashi kerak.
Endi, korxonalar va oliygohlarning ushbu maqsadlarga yo`naltirgan mablag`lari soliq bazasiga kiritilmaydi.
Shunda, ish beruvchilar o`rtasida iqtidorli yoshlarni jalb qilishga kurash, oliygohlarda sifat uchun raqobat kuchayadi”, – dedi nomzod.






