AsosiyJamiyat

Qonun ustunmi yoki Hukumat qarori yoxud pedagoglar ta`tili uchun nega kam haq to`lanyapti?

'Qonun ustunmi yoki Hukumat qarori yoxud pedagoglar ta`tili uchun nega kam haq to`lanyapti?'ning rasmi

Har yilgi mehnat ta`tili uchun haq to`lash bugungi kundagi jiddiy munozaralarga sabab bo`lmoqda. Ma`lumki, 2023 yil 30 apreldan kuchga kirgan Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining (keyingi o`rinlarda - MK) 217-moddasida har yilgi asosiy eng kam mehnat ta`tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etishi, 221-moddasida esa xodimlarning har yilgi asosiy va qo`shimcha mehnat ta`tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqarilishi, shuningdek har yilgi mehnat ta`tili davriga to`g`ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta`tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmasligi belgilangan. Ushbu normalardan aniq ko`rinib turibdiki, har yilgi mehnat ta`tili davriga kalendar kunlarda hisoblangan vaqt kiradi. Ushbu qoidani boshqacha talqin qilishning imkoni yo`q. 

Ta`til kunlari uchun haq to`lash masalasiga kelsak, MKning 233-moddasida har yilgi mehnat ta`tilida bo`lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o`rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanishi ko`rsatilgan. Mazkur normadagi “xodimning ta`tilda bo`lgan vaqti” deganda esa kalendar kunlarda hisoblangan ta`til davrini nazarda tutish kerak.

Mazkur fikrni quyidagicha asoslaymiz:

Birinchidan, 1995 yilda qabul qilingan va hozirda o`z kuchini yo`qotgan Mehnat kodeksining 148-moddasida yillik ta`tillar davri uchun xodimga o`rtacha ish haqidan kam bo`lmagan miqdorda haq to`lash kafolatlanishi belgilangan edi. 

Ikkinchidan, eski MKning 139-moddasida esa, ta`tillarning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo`yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqarilishi hamda ta`til davriga to`g`ri kelib qolgan ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta`til muddatini belgilashda hisobga olinmasligi aniq ko`rsatilgan edi. Aslini olganda, eski MKning 139-moddasi bilan yangi MKning 233-moddasi normasi deyarli bir xil. 

Ta`kidlash kerak, ilgari ushbu normalarni qo`llashda hech qanday muammo bo`lmagan. Ta`til ish kunlarida berilgani, olti kunlik ish kuni uchun unga haq to`langani hech kimga sir emas. Bundan tashqari, ta`tillar olti kunlik ish kunida hisoblangani uchun yakshanba kuni hamda ishlanmaydigan bayram kunlari ta`til davriga kiritilmagan. Hatto besh kunlik ish vaqti rejimida ishlaydiganlar uchun ham ta`til davrida shanba kuniga ham haq to`langan. 

Bundan tashqari, bugungi kunda amalda bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 17 martda 2985-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan Yillik mehnat ta`tili vaqtida saqlanib qolinadigan o`rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to`g`risidagi Yo`riqnomaning 16-bandida ta`til kunlarini hisob-kitob qilishda mehnat ta`tili davriga to`g`ri keladigan dam olish (yakshanba), ish kuni bo`lmagan bayram kunlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan qo`shimcha ishlanmaydigan kunlar hisobga olinmasligi belgilangan. Mazkur Yo`riqnoma eski Mehnat kodeksi qoidalarini to`g`ri qo`llash uchun ishlab chiqilgan edi. Yangi MK kuchga kirgach esa uning kodeksga zid normalari o`z-o`zidan ahamiyatini yo`qotdi. Sababi O`zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunining 18-moddasiga ko`ra, normativ-huquqiy hujjatlar o`rtasida tafovutlar bo`lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo`lgan normativ-huquqiy hujjat qo`llaniladi.

Yangi MKdagi asosiy o`zgarish ta`til davrida bo`lmoqda. Shusababli, MKda har yilgi mehnat ta`tiliga haq faqat ish kunlari uchun to`lanishi belgilanmaganligini inobatga olib, ta`tilning har bir kuni (yakshanba kunlarini ham qo`shib hisoblagan holda) uchun haq to`lash tavsiya etiladi.

Ammo, UzASBO tomonidan ushbu masalaga bildirilgan munosabatda ta`tilga haq to`lashda yakshanba bayram kunlari chiqarib tashlanishi aytilmoqda. Bu esa, mutlaqo noto`g`ri qoida! Chunki Mehnat kodeksida bunday norma mavjud emas. Agar Mehnat kodeksiga o`zgartirish kiritilib, shunday norma joriy etilsa ushbu masalani muhokama qilishga boshqa o`rin qolmaydi.

Asosiy muammo shundaki, Mehnat kodeksi 501-moddasi 6-qismiga ko`ra, ta`lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga 36 soatdan ortiq bo`lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat ta`tili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta`tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo`yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. 

Yuqoridagi normaning ijrosini ta`minlash maqsadida, kechikib bo`lsada, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi 263-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu Hukumat qarori bilan Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta`tili davomiyligi me`yorlari tasdiqlandi. Unda o`qituvchilarga 56 kalendar kun ta`til berilishi belgilangan. Bundan tashqari, ushbu qaror ilovasining Izoh qismida “Ushbu me`yorlarda keltirilgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta`tili uchun xaq to`lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi” degan qoidaga ko`zimiz tushadi. Bundan kelib chiqadiki, VM 263-son qarorining izoh qismi MKning 221 va 233-moddasiga zid bo`lib qolgan. 

Birinchidan, MKning 501-moddasi pedagoglarga ta`til uchun haq to`lash tartibini emas, balki yillik uzaytirilgan mehnat ta`tilining davomiyligini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo`yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilashni nazarda tutmoqda. 

Ikkinchidan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunning 11-moddasida qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo`lgan masalalar bo`yicha normalar belgilanishiga yo`l qo`yilmasligi, 18-moddasida esa, normativ-huquqiy hujjat o`ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo`lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo`lishi kerakligi belgilangan. VM 263-son qarorida esa MKda mavjud bo`lmagan normaga izoh berilmoqda. 

Uchinchidan, VM qarorlarining izoh qismi qanday yuridik kuchga ega ekanligi bo`yicha aniq norma mavjud emas. Agar Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan izohlarni normalarni aniqlashtirishga va to`g`ri talqin qilishga yo`naltirilgan qism desak, unday holda ushbu izoh Mehnat kodeksiga muvofiq bo`lmagan talqin bo`lib qoladi. 

To`rtinchidan, VM 263-son qarori ilovasining Izoh qismida nazarda tutilgan qoida MKning asosiy prinsipi - xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo`l qo`yilmasligi prinsipiga ham zid bo`lib qolgan. Xususan, har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega bo`lgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak. Bundan kelib chiqadiki, Kodeksning 233-moddasi mazmunidan yakshanba uchun ham haq to`lanishi anglashilsa, VM 263-son qaroridan esa to`lanmasligi kerakligi tushunilmoqda. Demak, VM 263-son qarori pedagoglarning holatini MKga nisbatan yomonlashtirmoqda.

Mazkur masalada UzASBO tomonidan huquqshunoslarning tavsiyalari mutlaqo noto`g`ri ekanligi bildirilmoqda. Gap huquqshunoslarning tavsiyasi yoki munosabatida emas, Hukumat qaroridan yuqori kuchga ega bo`lgan Qonunda qanday norma o`rnatilganida! 

Aslida Mehnat kodeksiga 21 kunlik ta`til kiritilishiga Xalqaro mehnat tashkilotining 1970-yilda qayta ko`rilgan 132-sonli “Haq to`lanadigan ta`tillar to`g`risida”gi Konvensiyasini ratifikasiya qilish masalasi sabab bo`lgan. Ushbu xalqaro hujjatning 3-moddasi 3-qismida har qanday holatda ishlangan yil uchun beriladigan ta`til muddati 3 ish haftasidan kam bo`lishi mumkin emasligi belgilangan. Bundan tashqari, 6-moddasi 1-qismida rasmiy bayram kunlari va ishlanmaydigan kunlar ta`til davriga kiritilmasligi nazarda tutilgan. Agar ushbu Konvensiya davlatimiz tomonidan ratifikasiya qilinsa, MKning 221-moddasiga o`zgartirish kiritilishi zarur bo`ladi.

Shunday ekan, agar Mehnat kodeksida “har yilgi mehnat ta`tili uchun haq to`lashda yakshanba va ishlanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi” degan norma o`rnatilmagunicha, kalendar kunlarda berilgan ta`tilning har bir kuniga, hatto yakshanbani ham hisobga olgan holda, haq to`lashga majburmiz!

Bonu Raximberganova, huquqshunos

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar