AsosiyJamiyat

Tibbiyotda "superkontrakt"ni olib tashlash bo`yicha hukumatga taklif kiritganmiz — Sog`liqni saqlash vaziri

'Tibbiyotda "superkontrakt"ni olib tashlash bo`yicha hukumatga taklif kiritganmiz — Sog`liqni saqlash vaziri'ning rasmi

Joriy yilning 3−7 iyul kunlari Toshkentda "Yangi O`zbekistonda taraqqiyot, innovasiya va ma`rifat" mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo`lib o`tmoqda. Uning doirasida 5 iyul kuni O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimi transformasiyasi va zamonaviy tibbiyot tizimi rivojiga bag`ishlangan anjuman o`tkazildi.

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot yo`nalishiga o`qishga kirishda ham "superkontrakt" mavjudligiga o`z munosabatini bildirdi.
"Superkontrakt" masalasida, albatta, fikrim ijobiy emas. Tibbiyotda o`qish osonmas. Mana, hozir nima uchun tibbiy ta`limni to`liq transformasiya qilyapmiz? Tibbiyot yo`nalishidagi talaba endi ikki bosqichda imtihon topshiradi. Uchinchi kurs tugaganidan keyin fundamental fanlar bo`yicha birinchi imtihonni topshiradi. Ushbu imtihonni o`sha oliy ta`lim muassasasi o`qituvchilari emas, umuman boshqa tashkilot [vakillari] oladi. Fundamental fanlar imtihonidan o`tgan talaba 4−5−6-kurslarda klinik fanlar bo`yicha o`qitiladi va keyin ikkinchi marta imtihon topshiradi. Talabaning ham fundamental, ham klinik fanlarni to`liq xalqaro darajada egallaganidan keyin ishlashiga ruxsat beriladi", — dedi SSV rahbari.

Vazir "tibbiyot sohasida „superkontrakt“ butunlay yo`qolishi mumkinmi?" degan savoliga quyidagicha javob berdi: "Albatta, buni hukumat belgilab beradi. Biz hukumatga taklifimizni kiritganmiz".

Shuningdek, SSV rahbari "superkontrakt" yo`qoladimi yo`qmi, asosiy e`tiborni OTMlarda ta`lim berish va talabalarning bilimini tekshirishga qaratish kerakligini ta`kidladi.

"Gap talabaning o`qishida va bizning filtrimizda. Xohlagan talaba "superkontrakt" kirishi mumkin, butun dunyoda tendensiya shunaqa. Bilimi bo`lsa, malakasi bo`lsa, kirishi mumkin: u "superkontrakt"ga kiradimi, o`z bilimi bilan kiradimi. Eng asosiysi, biz filtrni xalqaro talablar darajasida qilib qo`ysak, o`zi hamma talaba filtrlanadi", — dedi vazir.

 

    Boshqa yangiliklar