O`zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Malayziyada joylashgan dunyoning ikkinchi eng yirik Qur`oni Karim bosmaxonasi - «Nasyrul Quran» ma`rifiy majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Ma`lum qilinishicha, «Nasyrul Quran» ma`rifiy majmuasi 2017 yilda ta`sis etilgan bo`lib, Qur`oni Karimni nashr etish bo`yicha Madinadagi Qirol Fahd nomidagi majmuadan keyingi dunyodagi ikkinchi eng yirik bosmaxona hisoblanadi. Majmuada Qur`on xattotligi galereyasi, bosmaxona faoliyatini kuzatish nuqtasi va anjuman xonalari faoliyat ko`rsatadi. Muassasa nashriyot ishidan tashqari, islom xattotlik san`ati va me`morchiligini o`rganish hamda targ`ib qilish, Qur`on qo`lyozmalarining yangi dizaynini ishlab chiqish bilan shug`ullanadi.
Tashrif davomida majmua direktori Abdullatif Mirasa bilan uchrashuv o`tkazildi. Malayziya tomoniga respublikada turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar, xususan, diniy-ma`rifiy sohada va ziyorat turizmini rivojlashtirish yo`nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma`lumot berildi.
Abdullatif Mirasa O`zbekistonning qadimiy tarixi va betakror madaniy merosi va buyuk allomalarining islom sivilizasiya rivojiga qo`shgan g`oyat katta ilmiy, madaniy va ma`naviy hissasini alohida ta`kidladi. Shu o`rinda, islom sivilizasiyasi boy merosini chuqur o`rganish va keng targ`ib qilish bo`yicha respublikada amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi.
Suhbatdosh xattotlik O`zbekistonda fan darajasiga ko`tarilgan bebaho san`atligini inobatga olgan holda, ushbu yo`nalishda tajriba almashishni yo`lga qo`yishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv davomida Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi tomonidan taqdim etilgan Qur`oni Karimning o`zbek tilidagi tarjimasi va 6 jildlik «Tafsiri irfon» (Qur`oni Karim ma`nolarining o`zbekcha tarjimasi va tafsiri) Malayziya tomoniga beg`araz taqdim qilindi.
Muloqot yakunida Malayziya tomoni va Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi hamkorligida Qur`onning o`zbek tilidagi tarjimasini Malayziyada nashr qilish bo`yicha kelishuvga erishildi.






