Navoiy viloyati Tomdi tumanida Zarafshon—Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanaotgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi 5 yanvar kuni taxminan soat 07:40 larda Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFY hududidan o‘tgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 167-168-kilometrlari oralig‘ida sodir bo‘lgan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, salonida 47 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan ZHONG TONG BUS rusumli (texnik jihatdan soz bo‘lgan) avtobusni Zarafshon—Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotgan 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.X. (haydovchi 17 yillik stajga ega) rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib ag‘darilib, YTH sodir etgan.
Hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki fuqaro olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
“Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda ogir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyati IIB tomonidan voqea tafsilotlari o‘rganilmokda”, — deyiladi xabarda.






