AsosiyJamiyat

Davlat bayrog`idan foydalanilishi mumkin bo`lgan holatlar kengaytirildi

'Davlat bayrog`idan foydalanilishi mumkin bo`lgan holatlar kengaytirildi'ning rasmi

"O`zbekiston Respublikasining Davlat bayrog`i to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida"gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. 

Qonun bilan davlat bayrog`idan foydalanilishi mumkin bo`lgan holatlar kengaytirildi, jumladan:

- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;

- bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;

- xalqaro sport musobaqalari hamda O`zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan  foydalanish mumkin.

Shuningdek, Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:

- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;

- biror-bir narsa uchun ustki yoping`ich sifatida foydalanish;

- stollarga, o`rindiqlarga, stullarga to`shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o`tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to`shash yoki tasvirlash;

- kiyim-kechak, dastro`mol yoki ko`rpa-to`shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;

- bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro`mol, ko`rpa-to`shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o`rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo`ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;

- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Davlat bayrog`idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas`uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.

Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran  kuchga kiradi.


 

    Boshqa yangiliklar