Saylov jarayonlarida uning natijalariga u yoki bu tarzda ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan biron-bir jiddiy qonunbuzilishi hozirgi vaqtga qadar aniqlanmadi. Bu haqda Bosh prokuror o`rinbosari Shoxrux Aminov Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida o`tkazilgan brifingida ma`lum qildi.
Unda aytilishicha, xodimlar prokuratura organlarining barcha bo`g`inlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda, ular saylov jarayonida qonuniylikni ta`minlash ishlariga to`liq jalb etilgan.
"Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati bilan yaqindan hamkorlik o`rnatilib, mamlakatdagi vaziyat haqida real vaqt rejimida axborot almashilmoqda", dedi u.
Uning so`zlariga ko`ra, bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o`tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qat`iy nazoratga olingan.
"Soat 15-00 ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida shu kunga qadar fuqarolardan 250 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo`lib, ularda asosan saylov qonunchiligiga oid huquqiy tushuntirish so`ralgan. Huquqbuzarliklarga oid xabarlar va murojaatlar kelib tushmadi", deya qo`shimcha qildi u.






