Afg`onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining chegara va qabilaviy ishlar vazirligi delegasiyasi O`zbekistonga kelib, rasmiylar bilan chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni “Khaam Press” xabar berdi.
“Tolibon”ning chegara va qabila ishlari vazirligi kecha, 8 iyul kuni bergan bayonotida chegara masalalari tomonlar o`rtasida atroflicha muhokama qilinganini aytgan.
Afg`onistonning Jauzjon viloyati shimolidagi chegara va qabila ishlari bo`limi boshlig`i Mavlaviy G`ulom Nabi Samim chegarada mahalliy aholi duch kelayotgan muammolar haqida gapirgan. Biroq “Tolibon” rasmiylari “chegara muammolari” deganda nimani nazarda tutayotgani haqida batafsil ma`lumot bermagan.
Bunga qaramasdan, “Tolibon” hukumati o`zbekistonlik hamkasblariga isyonchi guruhlarning Afg`oniston hududidan O`zbekistonga qarshi foydalanishiga yo`l qo`ymaslikka va`da bergan.
Aytish joizki, so`nggi ikki yil ichida Afg`oniston hududidan O`zbekistonga bir necha raketa uchirilgan. Hujumlar uchun javobgarlikni IShID jangarilari o`z zimmasiga olgan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham minglab IShID jangarilari Afg`onistonning shimoliy chegaralarida joylashgani, bu Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Afg`onistondagi muvaqqat hukumat rasmiylari esa bunday da`volarni rad etib, ularni Afg`onistonning qo`shnilari bilan munosabatlariga putur etkazishga qaratilgan tashviqot va asossiz da`volar deb atagan.






