AsosiyJamiyat

Mutaxassis yozda eyish mumkin bo`lmagan mahsulotlar haqida gapirdi

'Mutaxassis yozda eyish mumkin bo`lmagan mahsulotlar haqida gapirdi'ning rasmi

Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova jazirama issiqda qanday ovqatlanish bo`yicha tavsiyalar berdi. 

Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv noz-ne`matlar — meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib iste`mol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan to`yintiradi.

Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali bo`lgani tufayli kundalik sarflangan energiya o`rnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi.

Demak, go`sht va uning o`rnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar kunlik dasturxonimizdan joy olishi kerak. Faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish tavsiya qilinadi. Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos.

O`z navbatida, yozda ovqatlanish tartibini ham biroz o`zgartirgan ma`qul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan go`sht va tarkibida oqsil, yog` va uglevodlar bo`lgan boshqa mahsulotlar iste`mol qilinishi kerak.

Tushlik uchun engil hazm bo`luvchi sho`rva, moshxo`rda, mastava, manpar, suvda yoki bug`da tayyorlangan kotletlar foydali. Ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va ko`katlar bilan qo`shib tanavvul qilinsa, nur ustiga a`lo nur.

Meva sharbatlari tayyorlash chog`ida ular tarkibiga imkon qadar shakar qo`shmaslikni tavsiya qilamiz.

Kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, sho`r baliq, dudlangan go`shtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bunday eguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va engil hazm bo`luvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi lozim. O`zida nisbatan kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonga tortiq etilishi kerak.

Pishiqchilik ne`mati bo`lgan qovun va tarvuz iste`moli uchun tushlik payti eng maqbul davr. Ular ham quvvat beradi, ham chanqoqni bosadi.

    Boshqa yangiliklar