Prezident qarori bilan qishloq xo`jaligida fan, ta`lim va amaliyotni integrasiyalashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, sentyabr oyidan boshlab yangi qishloq xo`jaligi klasterlari va kooperativlari uchun ruxsatnomalar berish shartlaridan biri oliy o`quv yurtlari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalarini o`rganish bo`ladi. Bu innovasiyalar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirishni o`z ichiga oladi.
O`z navbatida, oliy o`quv yurtlari Qishloq xo`jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat sanoatining ustuvor muammolaridan kelib chiqqan holda dissertasiya hamda ilmiy loyihalar mavzularini shakllantiradi. Loyihalarni amalga oshirishda mahalliy va xorij tajribasi o`rganiladi.
Qishloq xo`jaligi sohasida ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish va tijoratlashtirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamg`arma tashkil etilmoqda. Uning faoliyati uchun xalqaro tashkilotlardan 5 million dollar grant ajratiladi.
Shuningdek, qishloq xo`jaligiga xizmat ko`rsatish bo`yicha yagona markazlarni tashkil etish bo`yicha topshiriq belgilangan. Ular joriy qishloq xo`jaligi markazlari va “Agrobank” fermerlar maktablari, sanoat parklari, SSP inkubasiya markazlari, fito- va veterinariya klinikalarining xizmatlarini qamrab oladi.






