Surxondaryodagi bankda amaliyot o`tayotgan ikki talaba fuqaroning bank kartasidan 75,7 million so`mni noqonuniy yo`l bilan o`g`irlab, naqdlashtirib oldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmat xabar berdi.
Xabarga ko`ra, Termiz shahrining “Tuproqqo`rg`on” MFYda yashovchi fuqaro “102” xizmatiga qo`ng`iroq qilib, noma`lum shaxslar bank kartasidan ilova orqali 75 million 700 ming so`m pulni echib olganini bildirgan. Mazkur murojaat asosida viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`limi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruvlar natijasida ushbu jinoyatni tijorat banklaridan biriga amaliyot o`tash uchun borgan ikki nafar talaba sodir qilgani aniqlangan.
Talabalar amaliyot davrida bank faoliyatini bevosita o`rganib, tanishining nomiga rasmiylashtirgan telefon raqami hamda uning telefonidan foydalangan holda bank xodimlarini aldab, turli amaliyotlarni bajargan. Jumladan, fuqaroning 75 million 700 ming so`m pulini noqonuniy ravishda o`g`irlagan va Termiz shahridagi bankomatlarda naqdlashtirib olgan. Gumonlanuvchilar qisqa fursatda aniqlanib, ulardan telefon apparatlari, bank kartalari, va 59,8 million so`m pul hujjatlashtirib olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, to`plangan hujjatlar sudga yuborilgan. Sud hukmiga ko`ra amaliyotchi talabalar Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o`g`rilik) bilan aybli deb topilgan va ulardan biriga 2 yil 3 oy, ikkinchisiga esa 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






