Istanbulda va Marmara mintaqasida 7,0 magnitudali zilzila yuz berishi mumkin. Bu haqda turkiyalik seysmologlar ma`lum qilishdi.
“Marmara dengizidagi zilzila birdaniga 25 milliondan ortiq aholiga ega etti viloyatga ta`sir qiladi, qanchalar zarar etkazilishini tasavvur qilish ham qiyin. Falokat butun mintaqaga ta`sir qiladi, u ko`lamdor bo`ladi”, — dedi seysmologiya professori, Istanbul shahar meriyasining zilzilalar bo`yicha olimlar kengashi a`zosi Xaluk Eyidogan.
Avvalroq turkiyalik seysmolog Naji Geryur ham Istanbulda zilzila yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Shimoliy Anadolu yorig`ining tarmoqlaridan biri Marmara dengiziga Istanbul qirg`oqlaridan o`tadi, dedi u.
“Bashoratlarga ko`ra, Marmara dengizidagi yoriqlar faollashgan taqdirda kuchli zilzila sodir bo`ladi. 2030 yilga borib bunday zilzila ehtimoli taxminan 50 foizni tashkil etadi”, — dedi ekspert.
Geryurning so`zlariga ko`ra, bu mintaqada ikki ming yil davomida sodir bo`lgan zilzilalarni o`rganish asosida mazkur vayronkor zilzilalar xavfi haqidagi ana shunday xulosaga kelindi.
Shuningdek, Istanbul meriyasi avvalroq qurbonlar va qulab tushishi mumkin bo`lgan binolar sonini taxmin qilgani xabar qilingan.
Butun Turkiya zilziladan sezilarli salbiy iqtisodiy holatni boshdan o`tkazadi, chunki Istanbul mamlakat yalpi ichki mahsulotining 35 foizini ta`minlaydi, deya qo`shimcha qildi Xaluk Eyidogan.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila yuz bergan edi. Zilzila oqibatida 55 mingdan ortiq odam halok bo`lgandi, deb xabar beradi mir24.tv.






