AsosiyJamiyat

Mutaxassis favvoralarda cho`milish salomatlik uchun xavfli ekanligini aytdi

'Mutaxassis favvoralarda cho`milish salomatlik uchun xavfli ekanligini aytdi'ning rasmi

Jazirama zabtiga olgan shu kunlarda cho`milish havzalari juda gavjum. Hatto shaharu tuman markazlarida yon-atrofga salqinlik taratib turgan ba`zi favvoralar hovuzlarida ham bolajonlarni uchratyapmiz.

Ammo shifokorlar bunday havzalarda cho`milish salomatlik uchun zararli, degan xulosada.

Dilorom Tursunova, Sanitariya-epidemiologiya qo`mitasi bo`lim boshlig`i:

— Favvoralar — havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik ko`rk bag`ishlash maqsadida barpo etiladi. Ular cho`milish uchun mo`ljallanmagan.
Bunday ob`ektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson ko`payadi.

Oqibatda favvorada cho`milish o`tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,E), ichburug`, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo`ladi.

Qolaversa, bunday hafzalarga turli kommunikasiya va yoritish moslamalari o`rnatilgan bo`lishi mumkin. Bu esa suv ostidagi konstruksiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfini oshiradi.
Yana bir omil: fontanlar — qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqog`ini qondirishi, cho`milishi, sho`ng`ishi uchun ochiq hamda qulay manba. Bu esa mazkur havzalarga turli lichinkalar tushishiga olib keladi.

Agar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohatlari bor o`g`il-qizlar tushsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteraviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson.

Bunday muhit burun, og`iz va quloq shilliq qavatlari yallig`lanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud.

O`z navbatida, yomg`ir suvi favvoralarga qo`shilishi ular tarkibida zararli kimyoviy aralashmalar paydo bo`lishiga olib kelishini unutmaslik kerak.
Ayni sababdan, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslikni tavsiya etamiz.

Agar ochiq havzalarda cho`milish vaqtida va undan keyin holsizlik, ko`ngil aynishi, qusish, tana harorati ko`tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo`lishi kabi alomatlar yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim.

    Boshqa yangiliklar