Qozog`iston hukumati O`zbekistonga Afg`onistonga temir yo`l orqali tranzit tashishda tarif imtiyozlari berish imkoniyatini ko`rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda Qozog`iston hukumati matbuot xizmati Qozog`iston va O`zbekiston hukumat rahbarlari o`rinbosarlari darajasidagi ishchi guruhining Ostonada bo`lib o`tgan uchrashuvi yakunlari bo`yicha xabar berdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, tomonlar un mahsulotlarining O`zbekiston hududi orqali tranziti uchun tariflarni pasaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishga alohida e`tibor qaratdi.
"Uchrashuv ishtirokchilari temir yo`l transportida qulay tarif shartlarini muhokama qilish va aniq takliflar ishlab chiqish uchun qo`shma ekspert ishchi guruhini tuzishga kelishib oldilar", — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Qozog`istonning Afg`onistonga un eksport qilish bo`yicha salmoqli salohiyatini hisobga olgan holda, Qozog`iston tomoni O`zbekiston orqali Afg`onistonga temir yo`l orqali tranzit tashishda bazaviy tarifga tarif imtiyozlari berish imkoniyatini ko`rib chiqish iltimosi bilan O`zbekiston tomoniga murojaat qildi, deb ta`kidladi matbuot xizmati.






