Markaziy bank joriy yilning II choragi uchun "Pul bozori va likvidlik sharhi"ni e`lon qildi. Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashkilot mazkur materialda qimmatbaho metallar xaridi va valyuta intervensiyalariga doir ma`lumotlarini taqdim etgan.
Unga ko`ra, 2023 yilning II choragida tashqi iqtisodiy sharoitlar, global resessiya va moliyaviy tizim barqarorligi bo`yicha xatarlarning ortishi kabi qator sabablar fonida jahon bozorida oltin narxi 1 troya unsiya uchun 1 900 - 2 000 AQSh dollari doirasida shakllangan.
Natijada, Markaziy bankning qimmatbaho metallar xaridi ushbu davrda 19,5 trln so`mga teng bo`lib, 2023 yilning I choragiga nisbatan 9,9 foizga ko`pni tashkil qilgan (2022 yilning mos davrida 17,2 trln. so`m).
"Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarni xarid qilishga chiqarilgan likvidlik "oltin-valyuta zaxiralari neytralligi tamoyili" asosida ichki valyuta bozoriga intervensiyalar orqali sterilizasiya qilib borildi. Jumladan, Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga sof intervensiyalari 2,4 mlrd dollarni (28 trln so`m ekvivalenti) tashkil etib, qimmatbaho metall xaridi natijasida yuzaga kelgan qo`shimcha likvidlikni sterilizasiya qilish imkonini berdi", – deyiladi MB sharhida.






