Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi 21 yoshli (ayol) A.Q. Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilib, Telegram’da “Farrux-96” nomli profil egasi, A.Q.ning turli fotosuratlari va behayo tasvirlari bo`lgan videolarini internet ijtimoiy tarmog`i orqali tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganini ma`lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, G`uzor tumanida yashovchi 22 yoshli (ayol) G.B. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan G.B., A.Q. bilan Telegram’da “Farrux-96” profili orqali o`zini Farrux deb tanishtirib, A.Q.ni yaxshi ko`rib qolgani, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytgan.
Shu yo`l bilan uni ishonchiga kirish orqali uning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qo`lga kiritgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo`rqitgan va tarqatmaslik evaziga G.B. o`zining turli bank kartalariga jami 14 mln 300 ming so`m miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo`li bilan olgan va o`zining ehtiyojlari yo`lida ishlatib yuborgani ma`lum bo`lgan.
Keltirilishicha, mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, G.B.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.






