AsosiyJamiyat

Tuman hokimidan agentlik direktorigacha. Tadbirkorlik bilan shug`ullanib kelgan davlat xizmatchilarining ro`yxati e`lon qilindi

'Tuman hokimidan agentlik direktorigacha. Tadbirkorlik bilan shug`ullanib kelgan davlat xizmatchilarining ro`yxati e`lon qilindi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tadbirkorlik bilan shug`ullanib kelgan davlat xizmatchilarining ro`yxatini e`lon qildi. 

Unga ko`ra, agentlik tomonidan davlat boshqaruv organlari va davlat ishtirokidagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati o`rganilganda 6 nafar rahbar mansabdor shaxs  (3 nafar tuman-shahar hokimi, 1 nafar agentlik, 1 nafar unitar korxona va 1 nafar qo`mita rahbari) tadbirkorlik sub`ektlarining ta`sischilari ekanligi ma`lum bo`ldi. 

Xususan:

  • ️Milliy antidoping agentligi direktori A.Sadikov “Total Oil” MChJ;
  • “Axborotlashtirish Bosh markazi” DUK rahbari D.Sarixodjaev “Musammo” MChJ;
  • Andijon viloyati Bo`ston tumani hokimi S.Nosirova “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Ko`mir Sanoati” MChJlar;
  • Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi U.Fayziev “Zarafshan Golden Group” va "Zarafshon Grand Invest"  MChJlar, “G`ani Bobo Chorvasi” fermer xo`jaligi;
  • Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi A.Sayfutdinov“Sanico Group” va “Uv-Maks” MChJlar;
  • Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo`mitasi rahbari B.Sharipov “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xo`jaligida ta`sischi sifatida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlar bo`yicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilib, yuqoridagi manfaatlar to`qnashuvi holatlariga barham berilishi (mansabdor shaxslarning tadbirkorlik sub`ektlaridagi faoliyati tugatilishi) choralari ko`rilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining 2022 yil 9 avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati sub`ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo`lishga, tadbirkorlik faoliyati sub`ektida tashkiliy-boshqaruv, ma`muriy-xo`jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 595-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to`lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug`ullanmasligi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar