AsosiyJamiyat

Energetika vazirligi poytaxtdagi elektr uzilishlarga izoh berdi

'Energetika vazirligi poytaxtdagi elektr uzilishlarga izoh berdi'ning rasmi

Vazirlikning ma`lum qilishicha, elektr ta`minotida yirik hajmdagi uzilishlarning oldini olish maqsadida ko`rilayotgan vaqtinchalik choralar keng ko`lamli muammolar paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaydi.

Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar va transformator punktlarida joriy hamda mukammal ta`mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur ta`mirlash ishlari jarayonida ayrim hududlardagi elektr tarmoqlari vaqtincha tarmoqdan ajratib turiladi va ana shu jarayonda ta`mirlash ishlari olib borilayotgan tarmoqlar orqali ta`minlanuvchi iste`molchilarning elektr ta`minotida uzilishlar kuzatiladi.


"Bundan tashqari, havo haroratining keskin isishi natijasida elektr qurilmalarining haddan tashqari qizishi hamda iste`molning ortishi energotizimda katta hajmdagi avariyaviy o`chishlarga olib kelishi mumkin. Bu esa elektr ta`minotini yaxshilash uchun muayyan vaqt (bir kun yoki undan ko`proq) talab etishi mumkin.

Asosan, ochiq quyoshda joylashgan elektr tarmoqlari bugungi anomal issiq sharoitida ularning ishlashi uchun mo`ljallanmagan haroratgacha qiziydi. Bundan tashqari, ayniqsa, kunduz kunlari elektr uzatish tarmoqlarining nosoz holatga kelishiga elektr energiyasi iste`molining favqulodda o`sishi ham ta`sir qilmoqda.

Oddiy aytganda, o`zi oftobning tig`i ostida tashqaridan qiziy boshlagan kabel yuklamaning ortishi, son-sanoqsiz kondisionerlar, muzlatkichlar, sovitqichlar, boylerlar va boshqa elektr texnika jihozlarining bir vaqtda tarmoqqa ulanishi tufayli ichidan ham qizib, asta-sekin tutay boshlaydi.

Ana shu vaziyatda energotizimda keng ko`lamli muammolar yuzaga kelishini oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish maqsadida zarur choralar ko`radi.

Masalan, ma`lum ko`rsatkichlar kritik (og`ir) darajaga yaqin bo`lgan hollarda, ayrim turarjoy binolari va sanoat obektlari elektr ta`minotidan vaqtincha uzib turiladi.

Ta`kidlash kerakki, elektr tarmoqlaridagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo`ylab tunu kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borishmoqda.

Iste`molchilardan tarmoqda keng ko`lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, keyinchalik vaziyatni ancha uzoqroq tuzatishni talab qiladigan holgacha etib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to`g`ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o`ta muhim ekanligini tushunishlarini va qo`llab-quvvatlashlarini so`raymiz", -deyiladi vazirlik izohida.

    Boshqa yangiliklar