Olmaota shahrida taniqli milliarder Fattoh Shodievning jiyani tadbirkor Orifjon Shodiev ishi bo`yicha hukm e’lon qilindi.
U o`z vakolatini suiiste`mol qilib, Asia Credit Bank`ga 16 milliard tenge (taxminan 36 mln AQSh dollari) miqdorida zarar etkazganlikda aybdor deb topildi. U bilan birga uning yordamchisi Mixail Solovyov ham sudlangan.
2019 yilda Orifjon Shodiev Asia Credit Bank aksiyalarini bankning sobiq egasi Nurbol Sultondan sotib olgan. Bitimning sharti bo`yicha Orifjon Shodiev bankni bir nechta kreditlar bo`yicha garovdan ozod qilishi va barcha majburiyatlarni o`z zimmasiga olishi kerak edi. O`shanda gap 16 milliard 699 million tengelik mulk haqida ketgan edi.
Bankning yangi egasi haqiqatda bankni garov bilan ta`minladi – Olmaota shahrining yuqori qismidagi 7 ta er uchastkasini garov sifatida kiritdi, ularning qiymati kreditlarning umumiy miqdorini qopladi. Biroq keyin Orifjon Shodiev garov uchun qo`yilgan mulkni almashtirishga qaror qildi, yuqori likvidli aktivlar o`rniga Gorniy Gigantdagi (Olmaotadagi elita hudud) 100 gektardan ortiq er uchastkasi garovga kiritildi. Mulkning taxminiy qiymati 46 milliard tengedan oshdi.
Ammo oradan vaqt o`tib Asia Credit Bank o`z majburiyatlarini bajara olmay, lisenziyasi bekor qilindi va bank boshqaruvi Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligining likvidasion komissiyasiga o`tdi. Bu holatda komissiya bankda mavjud bo`lgan hamma narsani baholab, shundan so`ng aktivlarni sotuvga qo`yishi va shu bilan mijozlar va kreditorlar oldidagi majburiyatlarini ado etishi kerak edi.
Baholash jarayonida esa garovga qo`yilgan erning narxi 46 milliardga tenge emasligi aniqlandi, chunki mazkur hudud dehqon xo`jaligi uchun mo`ljallangani aniqlandi. Hujjatlarda u erda yakka tartibdagi uy-joy qurish mumkinligi ko`rsatilgandi. Ammo dehqon xo`jaligi uchun mo`ljallangan erda faqat ekin ekish va chorvachilik qilish mumkin, kottej va ko`p qavatli uylar qurish mumkin emas. Bu er uchastkasining narxiga ham ta`sir qiladi. Bunday hududni 46 milliard tengega sotib bo`lmaydi.
Natijada aybiga iqror bo`lgan Orifjon Shodiev bir yarim yil, unga yordam bergan Mixail Solovyov esa bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, mahkumlar bankka etkazilgan 16 mlrd tenge miqdoridagi zararni qoplab berishlari kerak bo`ladi.
Hozircha sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan.






