Gepatit — xavfli kasallik. So`nggi tahlillarga ko`ra, bu dard dunyo bo`yicha yiliga milliondan ortiq kishining hayotiga zomin bo`lmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Virusli gepatitning, ayniqsa, B va C turlaridan kasallanish hamda o`lim ko`rsatkichlari yuqori. Xastalikning C turini to`liq davolash mumkin. Ammo bu infeksiyani yuqtirganlarning faqat 21 foiziga o`z vaqtida tashxis qo`yilib, atigi 13 foizi zarur muolajalarni olayotgani achinarli statistika.
Xuddi shunday, surunkali gepatit B dan aziyat chekuvchi bemorlarning bor-yo`g`i 10 foizi o`z xastaligidan xabardor va 2 foizigina zarur dori-darmonlarni qabul qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, JSST 2030 yilga borib, gepatitni kamaytirish bo`yicha yangi tavsiyalarni taqdim etish harakatida.
Unga ko`ra, xastalikning B va C turlari bilan kasallanish va undan o`lim holatlarini kamaytirish uchun tashkilotga a`zo mamlakatlar quyidagilarga amal qilishi zarur:
- Gepatit B ga chalingan barcha homilador ayollar davolanishini ta`minlash va ulardan dunyoga kelgan chaqaloqlarni ushbu xastalik turiga qarshi emlash;
- gepatitning B va (yoki) C turlarini yuqtirgan bemorlarni tashxislash ko`lamini 90 foizga va bunday insonlarni dori-darmonlar bilan ta`minlash qamrovini 80 foizga etkazish;
- qon quyish, in`eksiya yuborish xavfsizligini kafolatlovchi ilg`or amaliyotlarni joriy etish.
Shuningdek, bolalarni mazkur kasallikka qarshi ommaviy emlash orqali gepatit B ga chalinish holatlarini kamaytirish asosiy strategik maqsadlardan biri.
Umuman, JSST o`z sog`ligini qadrlagan har bir insonga vaqti-vaqti bilan gepatit tekshiruvidan o`tishni, infeksiya aniqlansa, paysalga solmay davolanishni va xastalikning B turiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi.
Qolaversa, ekspertlar xulosasiga ko`ra, spirtli ichimliklardan tiyilish, vaznni me`yorida saqlash, qon bosimi va qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilib borish ham jigarning sog`lomligini ta`minlashga yordam beradi.






