Dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun xodimning yozma arizasi bilan har yilgi mehnat ta`tili beriladi. Ta`til davomida o`rtacha ish haqi va lavozim saqlanadi. Barcha xodim, shu jumladan, o`rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar ham har yilgi mehnat ta`tiliga chiqish huquqiga ega. Ta`til har yili, shu ta`til berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi kerak.
1. Yillik mehnat ta`tilining davomiyligi qancha?
Yillik asosiy eng kam mehnat ta`tilining davomiyligi 21 kalendar kunni (ilgari 15 ish kuni edi) tashkil etadi. Beriladigan ta`tilning davomiyligi ushbu muddatdan kam bo`lmasligi kerak.
2. Qanday xodimlarga uzaytirilgan yoki qo`shimcha ta`tillar beriladi?
Quyidagi toifadagi xodimlarga yoshi va sog`lig`ining holatiga qarab, asosiy uzaytirilgan ta`til beriladi:
1) 18 yoshgacha bo`lgan shaxslarga — 30 kalendar kun;
2) I va II guruh nogironligi bo`lgan xodimlarga — 30 kalendar kun.
3) davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun.
Shuningdek, boshqa toifa xodimilarga ham ularning mehnat vazifalari o`ziga xosligidan kelib chiqib, uzaytirilgan ta`tillar beriladi.
Jamoa shartnomasi va kelishuvlari, shuningdek, ichki hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan ko`paytirilgan muddatlar belgilanishi mumkin.
Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo`lgan, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan yoki bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko`p yillik ish stajiga ega bo`lgan xodimlarga qo`shimcha ta`tillar beriladi.
Xususan, xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har 5 yil uchun ta`tilga 2 kalendar kun qo`shiladi. Ammo qo`shiladigan kunlar soni 8 kalendar kundan oshib ketmasligi kerak.
3. Yillik mehnat ta`tili necha kun bo`lishi qanday hisoblanadi?
Ta`tillar avvalgidek ish kunlarida emas, balki kalendar kunlarida hisoblab chiqariladi. Bu ta`til muddatini hisoblashda dam olish kunlari, shu jumladan, yakshanba kunlari ham kiritilishini anglatadi.
Ta`til davriga to`g`ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari esa uning davomiyligini aniqlashda hisobga olinmaydi (mehnat qonunchiligi bo`yicha 9 ta ishlanmaydigan bayram kunlari bor).
4. Yangi ishga kirgan xodim qancha muddatdan keyin mehnat ta`tili olishi mumkin?
Xodim ishga kirgandan so`ng 6 oy o`tib, yillik mehnat ta`tiliga chiqishi mumkin. Ish beruvchi bilan kelishuvga ko`ra bu muddat o`tmasdan ham beriladi.
Quyidagi xodimlarga ularning xohishiga ko`ra 6 oy o`tguniga qadar mehnat ta`tili beriladi:
1) ayollar — homiladorlik va tug`ish ta`tilidan oldin yoki undan keyin;
2) 14 yoshga to`lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (o`n olti yoshga to`lmagan nogironligi bo`lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslar;
3) 18 yoshdan kichik bo`lgan shaxslar;
4) rezervga bo`shatilganidan keyin 3 oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni o`tagan sobiq harbiy xizmatchilar;
5) 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilari va imtiyozlari bo`yicha ularga tenglashtirilgan shaxslar;
6) I va II guruh nogironligi bo`lgan xodimlar;
7) ishdan ajralmay o`qiyotganlar, agar ular ta`tilni imtihon, sinov topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertasiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o`quv ishlarini bajarish vaqtiga to`g`rilab olishni xohlasa.
Bunday imtiyoz jamoa kelishuvi va shartnomasida yoki ichki hujjatlarda belgilangan boshqa xodimlarga ham beriladi.
5. Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun yillik mehnat ta`tilini berish tartibi qanday?
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun ta`til ish beruvchi va xodim uchun majburiy ta`tillar jadvali asosida beriladi. Bunday jadvalni yil boshlanguncha ish beruvchi kasaba uyushmasi qo`mitasi bilan kelishuvga ko`ra tasdiqlaydi. Ushbu jadval keyinchalik xodim roziligi bilan o`zgartirilishi mumkin.
Xodim ta`til beriladigan vaqt to`g`risida ta`til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Oldingi savoldagi 8 toifa xodimga mehnat ta`tilini o`ziga qulay vaqtda tanlash imkoniyati beriladi.
Ishlaydigan erkaklarga ta`til ularning xohishiga ko`ra xotinining homiladorlik va tug`ish ta`tili davrida beriladi.
6. Qanday hollarda yillik mehnat ta`tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko`chirish mumkin?
Xodimlar quyidagi hollarda ta`tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko`chirish huquqiga ega:
1) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
2) homiladorlik va tug`ish ta`tilining muddati boshlanganda;
3) ta`til o`quv ta`tiliga to`g`ri kelib qolganda;
4) davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etilish kerak bo`lsa;
5) jamoa kelishuvlari yoki shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xodim ta`tildan foydalanishga to`sqinlik qiladigan sabablar to`g`risida ish beruvchiga yozma xabar berishi kerak.
7. Yillik mehnat ta`tilining bir qismini keyingi ish yiliga ko`chirish yoki qismlarga bo`lish mumkinmi?
Mehnat ta`tili har yili, ushbu ta`til berilayotgan ish yili tugaguncha beriladi.
Ishlab chiqarish zaruratiga ko`ra ta`tilni to`liq berish imkoni bo`lmasa, xodimning roziligi bilan ta`tilning 14 kalendar kundan ortiq qismi keyingi ish yiliga ko`chiriladi.
18 yoshga to`lmagan xodimlarga, nogironligi bo`lgan xodimlarga har yilgi mehnat ta`tilini, shuningdek, qo`shimcha ta`tillarni bermaslik taqiqlanadi.
Xodim va ish beruvchi o`rtasidagi kelishuv bilan ta`til qismlarga bo`linishi mumkin. Bunda ta`tilning hech bo`lmaganda bir qismi 14 kalendar kundan kam bo`lmasligi kerak.
8. Xodimni yillik mehnat ta`tilidan chaqirib olish mumkinmi?
Ish beruvchi istalgan vaqtda xodimni ishga chaqirib olishi mumkin. Faqat bunda zaruriy shart – xodimning roziligi. Bunday holatda ta`tilning foydalanilmay qolgan qismi shu yilning boshqa qismiga yoki keyingi yilga ko`chiriladi.
18 yoshga to`lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o`ta zararli va o`ta og`ir ishlarda band bo`lgan xodimlarni chaqirib olish mumkin emas.
9. Yillik mehnat ta`tilini pulli kompensasiya bilan almashtirishga yo`l qo`yiladimi?
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan mehnat ta`tillari uchun kompensasiya to`lanadi.
18 yoshga to`lmagan xodimlar, I yoki II guruh nogironligi bo`lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta`tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta`tillaridan, shuningdek, qo`shimcha ta`tillardan foydalanilishi shart. Shu sababdan mehnat davrida ularni pulli kompensasiya bilan almashtirishga yo`l qo`yilmaydi.
10. Mehnat shartnomasini bekor qilish chog`ida xodimga yillik mehnat ta`tili qanday tartibda beriladi?
Xodim yozma arizasi bilan mehnat ta`tiliga chiqishi va undan so`ng ishdan ketishi mumkin. Bunda ta`tilning so`nggi kuni oxirgi ish kuni hisoblanadi.
Faqatgina bunday imkoniyat jamoa yoki mehnat shartnomasi, ichki hujjatlarga kiritilgan bo`lishi yoki ish beruvchi bilan kelishilishi kerak. Agar xodimning aybi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan bo`lsa, bunday imkoniyatb erilmaydi.