1

“Erimning siridan «bexabar» qolib, oilamni ortiqcha gap-so`zlardan qutqardim”

Mutolaa 20.10.2016, 17:04
Teglar: Xikoya
“Erimning siridan «bexabar» qolib, oilamni ortiqcha gap-so`zlardan qutqardim”

O`zini Lola deb tanishtirgan muxlisamiz tahririyatga qo`ng`iroq qilib, shunday dedi:

— Yaqinda bir tanishim eri yosh xodimasining atrofida o`ralashib qolganini va bu ko`p gap-so`zlarga sabab bo`lib, oilasi buzilib ketish arafasida ekanini aytdi. «Opajon, alamimdan erimdan o`ch olgim kelyapti. U ham mendek alam tortishi uchun nima qilay?» dedi ko`z yoshi to`kib. O`zimning boshimdan o`tkazganlarimni gapirib berdim. Keyin tajribam boshqalarga ham asqatar degan maqsadda tahririyatga qo`ng`iroq qilyapman…

—  Bu o`ch olish emas, balki oilani saqlab qolish usuli edi. Xullas, «yaxshi odamlar» menga «ering kotibasiga o`ralashib qolgan» degan xabarni etkazishdi. O`zim ham o`zgarganini sezib yurgandimu, lekin isbotim bo`lmagani uchun indamagandim. Oxirgi paytlarda kimdir uy telefonimga qo`ng`iroq qilib, men ko`tarsam qo`yib qo`yardi. Erimdan so`rasam, javob bermaydiyu, tipirchilab qolgani seziladi. Demak, xonimchalari bilan oralari buzilgan, alamidan mening tinchimni buzmoqchi. Lekin men u kutganidek janjal qilmadim. Agar urish boshlaganimda «ana, ko`rdingizmi xotiningiz janjalkash» deb tantana qilardi. Raqibamga bunaqa imkoniyat bergim kelmadi… Tanishlardan uning e-mail manzilini oldim va maktub yo`lladim:

«Ochig`ini aytishim kerak, seni to`g`ri tushunaman. His-tuyg`ularing menga ham begona emas. Chunki o`zim ham senga o`xshab aldangan ayolman…

Lekin oqibat  baribir men yutdim. Qasos o`ti kuydirsa-da, hayotning o`zi hamma narsani joy-joyiga qo`yishiga ishondim. Endi vaqt jarohatimni davolashini kutyapman va sen barbod etgan turmushim xarobalari ustida hayotimni qayta qurishga kirishyapman.

Endi sen haqingda gaplashsak. Hammasi qachon boshlangandi? Tuzoqning keng tarqalgan usullaridan biri — ishdagi  ishq.

Ya`ni sen, yosh, chiroyli qiz, kelajagi porloq tashkilotga ishga joylashding. Baxtingga jamoada erkaklar ko`p. Sen darhol ishga kirishib, erkaklarni o`zingga mahliyo etishni boshlading. Bu bilan erkaklarga qanchalik hukmingni o`tkaza olishingni sinov qilding va shu bahonada o`zingga bo`lgan ishonchingni ham oshirding. Shundan so`ng yosh, yoqimtoy, omadli rahbaringni tuzog`ingga ilintirishga kirishding. Ayni paytda rahbaringning xotini (ya`ni men) yosh bolasi bilan uyda o`tiribdi. Erida unga nisbatan qiziqish biroz pasaygan. Ro`zg`or ishlari, yosh bola, har kuni bir xil yumushlar muhabbatga ham barham bergan. Shunday jonkuyar, olijanob, lekin «baxtsiz yigit»ga juda rahming keladi. Shundan keyin mehring tovlanib, unga rahm-shafqat nurlaringni sochib, xushomad qilishni boshlaysan. Bu ishingni ayol sifatida tushunaman, ayollarning qonida in qurib, tuxum ochib, palopon o`stirish istagi bor. Buning uchun munosib erkak topish kerak. Sening toifangdagilar esa bu istakni amalga oshirish uchun har narsaga tayyor.

Aslida senga ko`rsatilgan marhamatni noto`g`ri tushunding. Uning oilasini sarishta tutib, bolasini o`stirayotgan, hayotda elkama-elka qadam tashlayotgan umrsherigining o`rnini vaqtincha egallading. Ular vaqtincha bir-biridan uzoqlashishgan. «Xonim, bugun chiroyli bo`lib ketibsizmi? Kechga qolmang, xavotir olaman!» degan gaplar kamaygani ham vaqtincha. Tunlari bola qarab uxlamay chiqadigan, kun bo`yi ro`zg`ordan ortmaydigan ayolning romantikaga hozircha hushi yo`q.

Aslida u hammaga birdek xushmuomala. Lekin sen bunga e`tibor bermading va oldingga maqsad qo`yding. O`zingga «o`ta munosib, lekin baxtsiz erkak»ning hayotiga nur olib kiruvchi farishta rolini olding. Afsuski, hayotning yozilmagan qonunini unutib quyding: «Birovning baxti ustiga baxt qurib bo`lmaydi!»

Mehnatlaring samara berayotganini ko`rib bor g`ayratingni ishga solding. Ya`ni, avvalo soch turmagingni o`zgartirding, atiring, liboslaring, yurishing… Barcha-barchasini o`zgartirishni boshlading. Keyin esa nozik usullarga gal keldi, ya`ni bilmasdan turtinib ketish, «xotiningiz juda omadli ekan, sizdek yigit nasib etibdi» degan gaplar... Bu usulda asosiysi xushomad va achinish. Erkaklar tabiatan sodda bo`lishadi. O`zingni yoqimtoy qo`zichoq qilib ko`rsatsang, bo`ldi, ular o`zlarini qahramon his qilishadi! Ko`p o`tmay tuyg`ulari haqida gap ochishadi. Xushomadingga xushomad bilan javob qaytarishadi, keyin qarabsanki, qarmog`ingga ilinib turibdi-da! Bu albatta senga qo`l keldi, chunki vaqti kelganda «o`zi meni yo`ldan urdi» deb aytishga asosing bor!

Endi vaziyatga boshqa tomondan qaraymiz. Sen aslida uning boshini aylantirding. Ya`ni aqlli odamlar qadrlaydigan xislatlar — yaxshi fe`l-atvor, sadoqat, mehr, olijanoblik kabi abadiy qadrli tuyg`ular bilan ko`nglini zabt etmading. Bunday sifatlar yillar sinovidan o`tib, hayotning achchiq-chuchugini botmonlab birga tortish natijasida  toblanadi va qadri oshadi. Sen esa shunchaki uning boshini aylantirib olding…

Gazetada o`qigandim, ruhshunoslarning aytishicha, oshiqlik gormonlari tug`yoni organizmni olti oygacha to`lqinlantirib turarkan. Demak, olti oydan keyin o`ragan arqoning bo`shasha boshlaydi.. Shundan keyin u (ya`ni erim) «men kimman o`zi, nimalar qilyapman, baxtli turmushimga nima bo`ldi?» degan savollarni bera boshlagan o`ziga…

Aslida erkakning xotini aqlli va bama`ni bo`lsa, achchiq ustida ish qilmaydi. Sabr bilan barchasini vaqtning hukmiga havola etadi.

Ko`p o`tmay jazmanning shunchaki betuturuq, mayda gap, pulga ruju qo`ygan egovligi bilinadi. Muhabbat izhorlari uning puli va mavqeiga qaratilgani ma`lum bo`ladi. Ko`p o`tmay erkak mushukdek muloyim xonimchasining o`tkir tirnoqlarini seza boshlaydi. Yosh xonim o`z rejalarini uning hisobidan amalga oshirishga jon-jahdi bilan kirishgani ham oydinlashadi. Endi o`z oilasini —  yoshligi, yaxshi-yomon kunlari o`tgan, doim yorug` va pokiza uyini qo`msay boshlaydi. O`z oilasida uni har qanday vaziyatda ham yaxshi ko`rishlarini, puli borida ham yo`g`ida ham birdek tushunishlarini, barcha kamchiliklari bilan qabul qilishlarini biladi va sog`inadi. O`z oilasida uni qo`llab-quvvatlashar, kelajak uchun birdek harakat qilishardi...

Endi o`zing o`ylab ko`r, azizam. Shundan keyin sen nima qilasan? Oila aql-farosatli xotin (ota-ona, bobo-buvi, opa-singillar) sa`y-harakati bilan tiklansa, o`shanda kim ortiqcha bo`lib qoladi?!

Mana, marraga ham etib keldik. Noz-firog`ingdan qonuniy xotinning quvonchi oshib tushdi. «Sevgiling»ning bir paytlar «xotinimdan ko`nglim to`lmaydi, sen bilan juda baxtliman» degan gaplarini eslasang, ko`ngling buziladi. Aqlli qizsan, erkaklarning vaqtinchalik ojizligini bilishing kerak. Ya`ni erkak o`zining oldingi hayotiga qaytgani zahoti unga hukming o`tmaydi. Endi o`zing ham tushungandirsan, u qizishib ketganda «doim norozi, janjalkash» deb ta`riflagan xotinidan voz kechib, hech qachon sen bilan qolmaydi. Unga rafiqasi bilan yashab orttirgan yuk, yangi ortilgan yukdan ko`ra qadrliroq. Balki «o`rtamizda farzand bo`lganida barchasi boshqacha bo`lardi» deb o`ylayotgandirsan. Bu ham hali mavhum masala. Qolaversa, o`zing ham jondan aziz bolangni seni doim aldaydigan odamning qo`lida o`yinchoq bo`lishini istamasang kerak. Agar shunday bo`lsa ham, sen u uchun shunchaki o`rta yoshdagi havoyi tuyg`usan, lekin zinhor barcha tahsin o`qiydigan shohasar bo`lolmaysan! Esingni yig`ib, vaqtida to`g`ri qaror qilmas ekansan, ich-etingni eb borayotgan yolg`izlikni engish uchun unga bog`lanib boraverasan. Tashrifi dardingni biroz aritishi mumkin, lekin u ketgach, darding alamga aylanadi. Chunki har daqiqada sendan yuz o`girishi mumkinligini va vaqtinchalik o`yinchoq ekaningni his qila borasan.

Ko`rib turganingdek, janjallashmadim. Shunchaki vaziyatga xolis baho berdim. Xulosa chiqarish sendan. Lekin hozir qo`lim baland kelib turganini bilib qo`yishingni va o`zingni bekorga qiynab ortiqcha chiranmaslikni maslahat beraman. Kalava chigallashib ketmasdan, tezroq o`z yo`lingni topsang, o`zingga oson bo`ladi. Balki hozir meni yomon ko`rayotgandirsan, lekin bir kun kelib to`g`ri yo`l ko`rsatganim uchun rahmat aytasan…»

Bilganimdek maktubim ish berdi. Chunki bir-ikki kun g`alati bo`lib yurgan erim keyin tinchlanib qoldi, ya`ni jazmani borligini xotini sezib qolishi xavfidan qutilgan erlar kabi engil tin oldi. Men ham oilamni ortiqcha gap-so`zlardan qutqarganim, erimning siridan «bexabar» qolib, ikkalamizning ham asablarimizni asraganim, bir qizni to`g`ri yo`lga solib yuborganimdan mamnun bo`ldim…

Dilfuza SOBIROVA yozib oldi

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1