So`nggi yillarda mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotida markaziy o`rinlardan biri advokatura institutiga tegishlidir.
Shu munosabat bilan davlatimizda advokatura institutini yanada takomillashtirish borasidagi bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:
2018 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida” gi PF 5441 Farmoni qabul qilinishi advokatura institutini takomillashtirilishining poydevori bo`lib hizmat qildi. Farmonga binoan:
1) advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish bo`yicha choralar ko`rish, shuningdek hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo`ldi;
2) advokatlarning o`zlarining himoya ostidagi shaxslar bilan audio va videokuzatuv qurilmalari bo`lmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz o`z vaqtida va hech qanday to`siqlarsiz uchrashishi ta`minlanadigan bo`ldi;
3) advokatlik byurolarini ta`sis etgan advokatlar o`z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o`zlariga tegishli bo`lgan turar joylarida amalga oshirishlari mumkin, bunda ushbu turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish uchun noturar joy toifasiga o`tkazish talab qilinmaydi;
4) advokat so`roviga ko`ra ma`lumotlarni o`z vaqtida taqdim etmaslik, yolg`on yoki noto`g`ri ma`lumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga to`g`ridan-to`g`ri murojaatiga asosan belgilangan tartibda ma`muriy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Shu bilan birga advokatura tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay mamlakatimizda advokatura sohasida yuqori malakali kadrlar etishmovchiligi kuzatilayapti.
Jumladan, hozirgi kunda O`zbekistonda 5 mingga yaqin advokat faoliyat ko`rsatmoqda. Bu esa, o`rtacha 7,6 ming aholiga 1 nafar advokat to`g`ri kelishini anglatadi. Taqqoslash uchun: ushbu ko`rsatkich bir advokatga Isroilda 136 nafar, AQShda 260 nafar, Germaniyada 500 nafar, Qozog`istonda 3932 nafar aholi to`g`ri kelgan.
Shu munosabat bilan advokutura sohasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish va kadrlar etishmovchiligini oldini olish maqsadida:
– yangilangan Konstitusiyada advokatura bo`yicha alohida bob kiritilgani, inson huquqlarini himoya qilish sohasida muhim institut bo`lgan advokaturaning konstitusiyaviy maqomini tubdan oshirdi. Har bir shaxs jinoyat prosessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e`tiboran o`z tanloviga ko`ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlandi.
Advokaturaga bag`ishlangan yangi bobning Konstitusiyada aks etishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshishiga, malakali yuridik yordam olish kafolatining kuchayishiga, pirovardida har bir fuqaroning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga xizmat qiladi.
– joriy yilning 10 avgust kuni «Advokatura to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 31-moddasiga o`zgartirish kiritish haqida”gi qonun kuchga kirib advokatlik faoliyati bilan shugullanish huquqiga doir lisenziyani olish uchun imtixon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo`yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo`lishi to`g`risidagi talab bekor kilindi.
Ushbu Qonun advokatura sohasining jozibadorligini oshirishga hamda mazkur sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratishga xizmat kiladi.
Advokatura sud-huquq tizimida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini ta`minlashda muhim o`rin tutadi. Kuchli va mustaqil advokatlar guruhi har kimning sudda vakillik qilish va adolatli sudlovni olish huquqiga ega bo`lishini ta`minlaydi.
Bundan tashqari, advokatlar kollegiyasining rivojlanishi sud tizimida professionallik va tezkorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, advokatlik kasbining to`g`ri ishlashi aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga rioya qilishga yordam beradi. Advokatlar jinoyat ishlari bo`yicha himoyalanish huquqini ta`minlashadi, gumon qilinuvchi va sudlanuvchilarga o`z huquqlarini to`liq amalga oshirishda yordam berishadi.