1

Prezident BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti bosh direktorini qabul qildi

Siyosat 07.09.2023, 23:37
Prezident BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti bosh direktorini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 sentyabr kuni Oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo`lib turgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dun`yuyni qabul qildi. 

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz etakchisi yuqori darajali mehmonni Birlashgan Millatlar Tashkilotining etakchi tarmoq tuzilmasi rahbari etib qayta saylangani bilan qutladi hamda shu kunlarda Samarqand shahrida o`tayotgan konferensiyani qo`llab-quvvatlagani va uning ishida shaxsan ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. 

FAO bosh direktori O`zbekiston Prezidentini global miqyosda dolzarb bo`lgan mavzudagi ushbu xalqaro konferensiyani o`tkazish tashabbusi muvaffaqiyatli ro`yobga chiqqani va tadbir yuksak darajada tashkil etilgani bilan tabrikladi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan bugungi xavf-xatarlarga qarshi, shu jumladan mintaqa darajasida kurashish masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Agrar tarmoqni rivojlantirishdagi nomutanosibliklar, suv resurslarining tanqisligi, qo`shimcha qiymat yaratishning uzun va samarasiz zanjirlari, logistikadagi uzilishlar va boshqalar barqaror rivojlanish uchun asosiy xatarlar sifatida qayd etildi. 

O`zbekiston va FAO o`rtasida 2030 yilga qadar mo`ljallangan yangi hamkorlik dasturiga qishloq xo`jaligini ilmiy tadqiqotlar va innovasiyalar asosida modernizasiya qilish, agrar sohani raqamlashtirish, moliyaviy qo`llab-quvvatlashning ta`sirchan vositalarini amalga oshirish va agrooziq-ovqat tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish bo`yicha qo`shma tadbirlarni kiritishga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1