AsosiyDunyo

Xirosimada O`zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti o`tkazildi

'Xirosimada O`zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti o`tkazildi'ning rasmi

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi delegasiyasining Xirosima prefekturasiga ishchi tashrifi davomida «O`zbekistonning investisiyaviy va turizm salohiyati» mavzusida tadbir tashkil qilindi,  deb  xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Xirosima savdo-sanoat palatasi va «Balcom Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirda Prefektura kengashi deputatlari, etakchi ishbilarmon doiralar va sayyohlik kompaniyalari vakillari, shuningdek, Namangan viloyatidan kelgan 10 ga yaqin kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Unda «Balcom Group» kompaniyasi rahbari, «Yaponiya-O`zbekiston iqtisodiy, madaniy va sport hamkorligi jamiyati» prezidenti Tesuro Yamasaka so`zga chiqib, so`nggi yillarda O`zbekiston hamda Yaponiya o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, turizm yo`nalishlari bo`yicha hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganini ta`kidladi. U, shuningdek, muvaffaqiyatli faoliyat sifatida «Balcom Group» kompaniyasi tomonidan O`zbekistonga to`g`ridan-to`g`ri investisiya kiritilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalarni qayd etdi.

O`zbekiston elchisi Muxsinxo`ja Abdurahmonov o`z chiqishida, mamlakatimizning investisiya, savdo va sayyohlik sohalaridagi mavjud  salohiyat haqida so`zlab berdi.

O`zbekistonda so`nggi 6 yil davomida davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida xorijiy hamda mahalliy investisiyalarni jalb qilish bo`yicha amalga oshirilgan islohotlar natijalari, valyuta bozorini erkinlashtirish, davlat mulklarini xususiylashtirish yo`nalishlarida amalga oshirilgan alohida  qayd etildi.

Mamlakatimizning turizm salohiyatini targ`ib qilishga bag`ishlangan taqdimotda yangi turizm yo`nalishlari va «turizm kontentlari»ni ishlab chiqish, sayyohlik sohasida loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sayyohlarga qulayliklar yaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar ta`kidlandi.

Tadbir yakunida O`zbekistondan kelgan kompaniya vakillari va yapon tadbirkorlari ishtirokidagi «B2B» shaklidagi  uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda hamkorlikning aniq yo`nalishlari ko`rib chiqildi va  muhokama qilindi.

Bundan  tashqari, Xirosima prefekturasi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan mamlakatimizga ushbu hududdan sayyohlar oqimini oshirish va O`zbekiston turizm brendini  birgalikda keng targ`ib qilish bo`yicha kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar