AsosiyJamiyat

Keyingi yil yana 1 500 nafar xorijlik chet tili o`qituvchisi dars berish uchun O`zbekistonga olib kelinadi

'Keyingi yil yana 1 500 nafar xorijlik chet tili o`qituvchisi dars berish uchun O`zbekistonga olib kelinadi'ning rasmi

Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova rahbarligida vazirlikning navbatdagi kengaytirilgan Hay`at majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan ishlash bo`limi xabar qildi.

Unda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari, mas`ul xodimlar ishtirok etdi.

Videoselektor tarzida o`tkazilgan yig`ilishda so`z olgan vazir Hilola Umarova o`tgan o`quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2023-2024 o`quv yilida bajarilishi zarur bo`lgan ustuvor masalalarga atroflicha to`xtalib o`tdi.

Ta`kidlanganidek, joriy yilda oliy ta`lim muassasalariga davlat granti asosida o`qishga qabul qilingan abiturientlarning 77 foizi (2022 yilda 74 foiz)ni mazkur  o`quv yilida maktabni bitirgan o`quvchilar tashkil etmoqda. Xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz maktab o`quvchilari 69 ta, jumladan, 5 ta nufuzli olimpiadada 13 ta medalni qo`lga kiritib, O`zbekiston tarixidagi eng yaxshi natijaga erishdi.

Joriy yilda maktabgacha ta`lim tashkilotlari soni 30 792 taga etib, qamrov 72,0 foizga, tayyorlov guruhlarida 6 yoshli bolalarning qamrovi esa 90,0 foizga etdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda davom etgan yig`ilishda sohada yo`lga qo`yilayotgan kamchiliklar ham tilga olib o`tildi. Jumladan, joylarda maktabgacha ta`limga qamrov darajasini oshirish bo`yicha ishlar sarhisobi keltirilib, Urgut, To`rtko`l, Sariosiyo, Nurobod, Ellikqal`a tumanlarida bu boradagi ko`rsatkichlar talabga javob bermasligi aytib o`tildi. Mas`ullarga mazkur hududlarda maktabgacha ta`limga qamrov darajasini oshirish hamda mavjud holatlarni atroflicha tahlil qilish bo`yicha zarur topshiriqlar berildi.

Hay`at yig`ilishida 2023-2024-o`quv yilida tizimda amalga oshirilishi zarur bo`lgan ishlarga ham bevosita to`xtalib o`tildi. Qayd etilganidek, joriy o`quv yilida respublika bo`yicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o`quv dasturi, baholash tizimi, shundan 135 ta maktabning yuqori sinflarida fanlarning optimallashuvi asosida tanlov fanlari joriy etiladi.

Prezident va ixtisoslashgan maktablar mazkur ta`lim maskanlari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi. Ushbu tizim keyingi besh yilda bosqichma-bosqich barcha maktablarga joriy etiladi.

Yangi o`quv yilida 500 nafar, keyingi yilda 1 500 nafar xorijlik chet tili o`qituvchilari mamlakatimizdagi belgilangan maktablarda dars berish uchun olib kelinadi.

Respublikadagi barcha tuman va shaharlardagi maktablarda “Oqdaryo tajribasi” asosida ikkinchi xorijiy til va kasbga o`rgatish ishlari amalga oshiriladi.

Yig`ilish davomida vazirlik tizimidagi ta`lim muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlariga ham to`xtalib o`tildi. Jumladan, hududiy boshqarmalar rahbarlariga joylarda olib borilayotgan ta`lim binolarini qurish-ta`mirlash ishlarini mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda jadallashtirish topshirig`i berildi.

Vazir Hilola Umarova fuqarolar murojaatlari tahliliga to`xtalib o`tar ekan, vazirlikka qilingan eng ko`p murojaatlar bo`yicha Qashqadaryo viloyati (12 foiz), Toshkent shahar (11,5 foiz), Surxondaryo viloyati (10 foiz), Toshkent viloyati (10 foiz) hamda Samarqand viloyatlari (9 foiz) etakchilik qilayotganligini ta`kidlab o`tdi.

Tizimdagi fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida joriy yil sentyabr oyining shu kunidan oktyabr oyi yakuniga qadar “Dolzarb oylik” etib belgilandi. Bunda murojaatlarni ko`rib chiqish bo`yicha vazirlik markaziy apparatida Ishchi shtabi tashkil etilib, uning tarkibiga vazirlik markaziy apparatining tarkibiy bo`linmalaridan tajribali mutaxassislar jalb qilinadi.

Yig`ilish so`ngida vazir o`rinbosarlari, hududiy boshqarmalar hamda mas`ul tashkilot rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

    Boshqa yangiliklar