Davlatimiz rahbari ayrim temir yo`l stansiyalarining daromadi o`z xarajatlarini qoplamayotganiga e`tibor qaratdi.
Masalan, “Nazarbek” stansiyasi atrofida ham aksiyadorlik jamiyatiga qarashli, ham xususiy logistika kompaniyalari joylashgan.
“Temir yo`l”ga qarashli “Yuksaroy” korxonasi yiliga 1 gektar maydondan 277 million so`m daromad topgan bo`lsa, xususiy korxonalar 1 milliard so`mdan ortiq daromad olayapti.
Shu munosabat bilan temir yo`l stansiyalariga xususiy sektorni jalb qilish va investisiya kiritish muhimligi ko`rsatib o`tildi.
Yig`ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo`layotgani ko`rsatib o`tildi.
Shu munosabat bilan temir yo`l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko`chirish imkoniyatini o`rganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo`shimcha investisiya kirishiga xizmat qiladi.
Sohada raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligi ham ta`kidlandi. Jumladan, joriy yilning etti oyida yuk tashish xizmatining atigi 8 foizi elektron rasmiylashtirilgan, yo`lovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgan.
Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoq. Vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo`lga qo`yilmagan.
Poezd to`qnashuvlari holatlarining oldini olish uchun barcha avtomobil va temir yo`l kesishmalarini nazorat qilish, yo`l belgi, shlagbaum va kameralar o`rnatish zarurligi ko`rsatib o`tildi.
25.09.2023 18:55
Prezident vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo`lga qo`yilmagani haqida gapirdi
