AsosiyJamiyat

O`zbekistonliklar bugundan boshlab ketma-ket uch kun dam oladi. Oylik qanday hisoblanadi?

'O`zbekistonliklar bugundan boshlab ketma-ket uch kun dam oladi. Oylik qanday hisoblanadi?'ning rasmi

Ushbu savolga Adliya vazirligi mutaxassislari qonun doirasida  "Huquqiy axborot" da javob berdi. 

Mehnat kodeksiga ko`ra, 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni ishlanmaydigan bayram hisoblanadi.
Bu yil 1 oktyabr yakshanbaga to`g`ri kelmoqda, yakshanba esa umumiy dam olish kuni.
 Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to`g`ri kelganda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko`chiriladi.
Ya`ni, xodimlar 1 oktyabr bayram bo`lganligi uchun dam oladi, yakshanba dam olish kuni esa dushanbaga ko`chiriladi.
 Shunda:
- 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar 3 kun – 30 sentyabr (shanba), 1 oktyabr (yakshanba) hamda 2 oktyabr (dushanba) dam oladi. 
- 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar esa 2 kun – 1 oktyabr (yakshanba) hamda 2 oktyabr (dushanba) dam oladi. 
Ushbu qoida barcha xodimlar uchun – xususiy korxonalarda ishlaydiganlar uchun ham, davlat ishida ishlaydiganlar uchun ham amal qiladi.
Uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko`rsatish, navbatchilik asosida ishlash zarurati bo`lgandagina dam olish kuni ko`chirilmaydi.
Ushbu qoida Prezidentning 2022 yil 23 dekabrdagi Farmonida ham belgilab qo`yilgan.
Oylik bayramdan keyin beriladimi?
Oylik (ish haqi) to`lanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to`g`ri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida to`lanadi.
 Oylik to`lash muddati jamoa shartnomalarida belgilanadi, aksariyat jamoa shartnomalarida oylik beriladigan kun sifatida yangi boshlangan oyning 1-kuni belgilangan, shunday holatlarda oylik 1 oktyabrdan oldin to`lanishi kerak.

Eslatib o`tamiz, oylik olish vaqti kechiktirilsa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida kompensasiya to`lanishi kerak.

    Boshqa yangiliklar