Tezislar Jahon banki ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda 1 millardga yaqin insonning (sayyoramiz aholisining 15 foizi) turli shaklda nogironligi bor. Ularning katta qismi yoshlar bo`lib, o`z hayotida etarlicha ta`lim olish imkoniga ega bo`lmaslik, salomatlik, ish topish kabi jiddiy muammolarga duch keladi. Oxir-oqibat bu ularning kambag`al aholi qatlamiga kirib qolishiga sabab bo`ladi.
Aynan shu masalada davlat nogironligi bo`lgan shaxslar uchun imkoni boricha teng imkoniyatlar yaratish, o`zini jamiyatning bir bo`lagi deb his qilishi uchun ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash mas`uliyatini o`z zimmasiga oladi.
Hukumat so`nggi yillarda nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlashda ularni o`zi uchun kerakli va qiziqarli ish (kasb) bilan ta`minlash, ta`lim olishida yordam berishga e`tiborni kuchaytirilmoqda.
Prezident qarori qabul qilinib, Yoshlar ishlari agentligi orqali nogironligi bo`lgan yoshlarga o`zini o`zi band qilish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o`qish uchun subsidiyalar ajratilmoqda. Bunday yoshlarning xorijiy tillarni o`rganish va nodavlat ta`lim tashkilotlarida o`qish xarajatlarini qoplash, ularning asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishiga yordamlashish ham yana bir o`ziga xos echim bo`ldi.
Subsidiya mexanizmi ishlamoqda:
- Yoshlarga oid davlat siyosatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mablag`lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo`lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo`lgan miqdorda subsidiya ajratish bo`yicha Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyundagi 341-son qarori qabul qilingan;
- Mazkur qarorda belgilangan tartibga ko`ra 2022 yilining 1 avgust kunidan boshlab subsidiya olish uchun arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuborish bo`yicha elektron davlat xizmatlari ishga tushirildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2023 yilning 10 yanvardan 10 sentyabr kuniga qadar portalga jami 1 526 nafar nogironligi bo`lgan yoshlar tomonidan arizalar yuborilgan.
Jumladan, arizalarning 511 nafari o`qish uchun xarajatlarini qoplash uchun, 952 nafari asbob-uskuna yoki mehnat qurollari sotib olish uchun, 63 nafari yashash va transport xarajatlarini qoplab berilishini so`rab yuborilgan.
Joriy yilning 10 sentyabr kuniga qadar nogironligi bo`lgan yoshlarga 4 milliard 895 million 370 ming 500 so`m subsidiya mablag`lari ajratilgan.
Yangicha tizim nima beradi?
Birinchidan, Davlat nogironligi bo`lgan yoshlarga nodavlat ta`lim tashkilotlarida kasb-hunar o`rgatish, ularda kasbiy ko`nikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta`lim fanlari va xorijiy tillarni o`rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirishga yordam beradi.
Ikkinchidan, nogironligi bo`lgan shaxslarning ta`lim muassasalarida inklyuziv ta`limini rivojlantirish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirib borishga yordam beradi.
Uchinchidan, nogironligi bo`lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berish orqali bandligini ta`minlashda, daromadli faoliyat yuritishlarida ko`mak beradi.
To`rtinchidan, nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko`rsatishini ta`minlaydi.
Xulosalar Nogironligi bo`lgan yoshlar jismoniy harakatlanish, kommunikasiya, ta`lim, bandlik borasida turli qiyinchiliklarga duch keladi. Davlat kamsitishlarning oldini olish va etarli shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko`rishi tabiiy. O`zbekistonda 2021 yildan boshlab yo`lga qo`yilgan yangicha mexanizm esa bunday yoshlar uchun o`z qobiliyatlarini ro`yobga chiqarish, daromadga ega bo`lish va nihoyat, jamiyatga to`laqonli qo`shilish uchun sharoit yaratmoqda.
Bu esa nogironligi bo`lgan shaxslarga imkon berilsa, ular ham mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o`z hissasini qo`shishi mumkinligini ko`rsatadi.
Eng muhimi, sodda, shaffof va zamonaviy tizimning ishlayotganidir. Bunday qo`llab-quvvatlash choralarini ko`paytirish, hukumat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, subsidiyalar haqida nogironligi bo`lgan shaxslarga ko`proq ma`lumot etkazish ushbu choralarning ko`lami va ahamiyatini yanada oshirishi shubhasiz.