AsosiyJamiyat

JSST bezgakka qarshi yangi vaksinani tasdiqladi

'JSST bezgakka qarshi yangi vaksinani tasdiqladi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, dunyoda yiliga o`rtacha 247 million kishiga bezgak tashxisi qo`yilyapti. Qurbonlar soni 600 ming nafardan oshmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda. 
Ushbu ko`rsatkichlarning o`rtacha 95 foizi Afrika qit`asida ro`yxatga olinyapti. Eng yomoni, mintaqada ushbu infeksiya oqibatida hayotdan ko`z yumayotganlarning 80 foizi — besh yoshgacha bo`lgan bolalar.
Bunday murakkab epidemiologik vaziyat bezgakka qarshi yangi vaksina yaratish jarayonini yanada jadallashtirib yubordi va nihoyat ijobiy natijaga erishildi ham. 
Kecha JSST bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o`tgan yangi vaksinani tasdiqladi. U bundan ikki yil avval foydalanishga tavsiya etilgan ilk muqobilidan, eng avvalo, arzonligi bilan farqlanadi. 
  Yangi emlash vositasi R21 deb nomlandi. Uning mualliflari — Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti olimlari. 
 Ma`lumotlarga ko`ra, har ikki vaksinaning samaradorligi o`xshash. Shunga qaramay, R21 ning bir dozasi 2-4 dollarga teng va bir kishi uchun to`rt doza talab etiladi. Bu, avvalgi RTS,S vaksinasi narxidan ikki barobar arzon. 
Eslatib o`tamiz, bezgakka qarshi emlash vositasini yaratish uchun dunyo olimlariga 100 yildan ko`proq vaqt zarur bo`ldi. 
 

    Boshqa yangiliklar