AsosiySiyosat

Braziliya hukumati Toshkentda elchixona ochishi mumkin

'Braziliya hukumati Toshkentda elchixona ochishi mumkin'ning rasmi

O`zbekiston elchisi Furqat Sidiqov 5 oktyabr kuni  Braziliyaning AQShdagi elchisi Mariya Viotti bilan uchrashuv o`tkazdi.

Mariya Viotti Braziliyada o`rnatilgan protokol tartib va taomillarga muvofiq hamda O`zbekiston elchisini akkreditasiya qilish masalasini tezlashtirish maqsadida, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi unga ishonch yorlig`i nusxasini qabul qilish uchun vakolat berganligini ma`lum qildi. Shu munosabat bilan Braziliyaning AQShdagi diplomatik vakolatxonasida O`zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) tayinlanganligi to`g`risidagi ishonch yorlig`i nusxasini topshirish marosimi bo`lib o`tdi.

"O`zbekiston rahbariyatiga Braziliyadagi o`z vakilini tayinlash to`g`risidagi qarori uchun hukumatim nomidan minnatdorlik bildiraman. Bu endilikda ikki tomonlama kun tartibini sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishiga ishonaman", - dedi Mariya Viotti.

O`zbekiston diplomatik missiyasi rahbari, o`z navbatida, O`zbekiston Prezidentining qat`iy irodasi va ko`rsatmalariga binoan mamlakatimiz Braziliya bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha sa`y-harakatlarni amalga oshirishdan, shuningdek, qishloq xo`jaligi, sanoat va mudofaa sohalarida keng qamrovli qo`shma savdo-investisiyaviy loyihalarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Braziliya elchisi  so`nggi yillarda ikki tomonlama savdo aylanma misli ko`rilmagan darajada oshib yanvar-avgust oylarida 500 million dollarga etganini, O`zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganini qayd etdi.

Uchrashuv davomida Braziliya hukumati tomonidan Toshkentda elchixona ochish masalasi o`rganib chiqilayotganligi ma`lum qilindi.

 Savdo aylanmasida balansni ta`minlash maqsadida Braziliya tomoni O`zbekistondan turli nomenklaturadagi tovarlar eksportini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlashini aytdi. Pirovard yo`nalish sifatida mamlakatimizdan mineral o`g`it va oziq ovqat mahsulotlari eksportini amalga oshirish bo`yicha qo`shma loyihalar ishlab chiqish taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ishonch yorlig`ining asl nusxasini Braziliya Prezidenti Luis da Silvaga topshirish uchun O`zbekiston elichisining ushbu mamlakatga tashrifini joriy yilning oxiriga qadar uyushtirish bo`yicha kelishib oldilar. Safar davomida rasmiy uchrashuvlardan tashqari asosiy urg`uni iqtisodiy kun tartibga qaratgan holda mamlakatning yirik ishbilarmonlar doiralari vakillari, savdo palatalari, turli tijoriy uyushmalari va etuk korxonalari rahbarlari bilan muzokaralar o`tkazish masalasi birgalikda ishlab chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar