Kelgusi hafta Samarqand shahri ilk bor Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig`ilishiga mezbonlik qiladi. Bu haqda prezident boshchiligida bo`lib o`tayotgan yig`ilishda ma`lum qilindi.
Hozirni o`zida 128 ta mamlakatdan 1 mingdan ziyod ishtirokchi ro`yxatdan o`tdi, shundan 79 nafari turizm vazirlari, 24 nafari vazir o`rinbosarlari.
Prezident ushbu tadbir hokimlarga mamlakatimiz turizm salohiyatini ko`rsatish uchun katta imkoniyat ekanini ta`kidladi.
Har bir viloyat hokimi o`z delegasiyalari bilan viloyatining tabiati, tarixi, madaniyati, ovqatlari, ziyoratgohlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish qilishi, turizm loyihalari bo`yicha kelishuvga erishishi shartligi qayd etildi
Yig`ilishda madaniy tadbirlarni ko`paytirish turistlarni jalb qilishda katta imkoniyat ekani ta`kidlandi.
Bunday tadbirlar Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg`ona, Xorazm, Toshkent viloyatlarida ko`p o`tkazilayotgani, lekin Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekani aytildi.
Viloyatlar hokimlari Madaniyat vazirligi bilan birgalikda har oy yirik madaniy tadbir o`tkazishi shartligi ko`rsatib o`tildi.
Tuman va shaharlarda ko`p sayilgoh, xiyobon, istirohat bog`lari, teatr va madaniyat uylari bo`sh turgani, na turistlarni, na aholimizni o`ziga jalb qila olayotgani qayd etildi.
Hududlar rahbarlariga bu joylarda musiqiy, ko`ngilochar va ma`rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etib borishga topshiriq berildi.
11.10.2023 18:24
Kelgusi hafta Samarqand shahri ilk bor Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig`ilishiga mezbonlik qiladi






