O`zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Prezidenti Petr Pavel bilan ham uchrashuv o`tkazildi.
Qabulda dastlab, Chexiya Prezidenti Petr Pavel O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatda olib borayotgan islohotlari va ochiq tashqi siyosatlarini olqishladi hamda Davlatimiz rahbariga samimiy salomini etkazib qo`yishni so`radi.
O`z navbatida, Bosh vazir Abdulla Aripov Chexiya Prezidentiga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning ham salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.
Uchrashuvda mamlakatimizning bugungi kunda erishayotgan natijalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida Yangi O`zbekistonni barpo etish yo`lida olib borilayotgan islohotlar asosiy omil bo`lib xizmat qilayotgani ta`kidlandi.
Qayd etilganidek, bugun O`zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Pirovardida, xorijiy davlatlar, ayniqsa, Evropa Ittifoqi bilan teng va o`zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.
Jumladan, O`zbekiston-Chexiya o`rtasida barcha yo`nalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar ham faollashib borayotgani bunga misol.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xo`jaligi, madaniy-gumanitar, turizm, oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Umuman olganda, O`zbekiston hukumati delegasiyasining Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning “Shkoda”, “Omnipol”, “Kristal Bogemiya”, “Primako” va boshqa etakchi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yo`nalishlar bo`yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o`tkazildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida bir qator korxonalarga tashrif buyurildi.
Chexiyaga tashrif yakunlari bo`yicha umumiy qiymati 800 million evrodan ziyod investisiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.






