1

Tartib-intizom qo`mitasi "Nasaf" bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdievga jarima intizom chorasini qo`lladi

Sport 12.10.2023, 17:36
Tartib-intizom qo`mitasi "Nasaf" bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdievga jarima intizom chorasini qo`lladi

O`zbekiston futbol assosiasiyasi Tartib-intizom qo`mitasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda bir qator uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko`rib chiqildi, deya xabar bermoqda qo`mita axborot xizmati. Unga ko`ra: 

Superliga. OKMK — “So`g`diyona”

Superliganing 21-turi doirasidagi OKMK — “So`g`diyona” uchrashuvi bo`yicha OKMK futbol klubidan murojaat kelib tushgan. Unga ko`ra, mazkur uchrashuvning 67-daqiqasida OKMK futbolchisi S.Raxmonovga uchrashuv bosh hakami tomonidan berilgan ikkinchi sariq, qizil kartochka bo`yicha vaziyat O`zbekiston futbol hakamlari markazining tashabbusi hamda OKMK futbol klubi murojaatiga asosan Espert hakamlar komissiyasi tomonidan ko`rib chiqilib, bosh hakam tomonidan ushbu vaziyatda xato qaror chiqarilgan deb topilgan. 

Sardor Raxmonovga ko`rsatilgan ikkinchi sariq va qizil kartochka Intizom kodeksining 5.61-bandiga asosan bekor qilindi.

“Nasaf” — “Neftchi”
Superliganing 21-turi doirasidagi “Nasaf” — “Neftchi” uchrashuvi yakunlangandan so`ng “Nasaf” bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev raqib jamoa a`zolariga nisbatan haqoratli so`zlar ishlatgani va ularga nisbatan tajovuzkor harakatlar qilgani qayd etilgan.

Tartib-intizom qo`mitasining qaroriga ko`ra, Ro`ziqul Berdievga (Nasaf) nisbatan jarima intizom chorasi qo`llanildi.

Proliga.  “Mash`al” — “Lokomotiv”
Pro liganing 20-turi doirasidagi “Mash`al” — “Lokomotiv” uchrashuvining birinchi bo`lim yakunlangandan so`ng “Lokomotiv” futbolchisi O.Zoteev uchrashuv zaxira hakami sha`niga haqoratli so`zlar ishlatgani uchun maydondan chetlashtirilgan. Mazkur holat bo`yicha “Lokomotiv” futbol klubi uchrashuv hakami tomonidan futbolchi O.Zoteevga berilgan qizil kartochka bo`yicha oydinlik kiritishda amaliy yordam so`ralgan.

Qo`mita yig`ilishida uchrashuv zaxira hakami F.Norsafarov va futbolchi O.Zoteevlarning ko`rsatmalari tinglandi, shuningdek taklif etilgan mutaxassislarning xulosalariga muvofiq berilgan qizil kartochkani bekor qilish uchun etarlicha asoslar topilmadi.

Shuningdek, uchrashuvining 59-daqiqasida “Lokomotiv” klubi murabbiyi A.Miklyaev bosh hakam sha`niga haqoratli so`zlar ishlatgan.

Tartib-intizom qo`mitasining qaroriga ko`ra, Andrey Miklyaevga (Lokomotiv) nisbatan 2 ta o`yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo`llanildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1