1

Etmish ikki yillik muhabbat yohud qo`sha qarish baxti

Mutolaa 28.10.2016, 10:22
Teglar: Xikoya
Etmish ikki yillik muhabbat yohud qo`sha qarish baxti

Yoshligimda buvim yoki bobomdan ertak eshitmaguncha uyquga ketmasdim. Yoshim ulg`aygan sari ertaklardan ko`ra real hayotiy voqealarga qiziqishim ortdi. Buvim va bobom bir-birini qanday topganiyu hayot quvonchi hamda tashvishlarini qay tarzda boshdan o`tkazganlari haqidagi hikoyalarni ovozlari titrab, ko`zlari yonib so`zlab berishardi. Men ham beixtiyor o`sha davrlarga borib qolgandek bo`lardim…

Buvim bobomga turmushga chiqqanida to`qqiz, bobom esa o`n ikki yosh bo`lgan ekan. «Yosh bolalarni kim nikohlaydi? Bu – jaholat!» deyishga shoshilmang, o`ziga yarasha sabablari bo`lgan. Buvimning ota-onasi allaqanday yuqumli kasallikdan vafot etgach, akayu opalari o`z ro`zg`ori bilan bo`lib, unga yaxshi qarashmagan. Shunda ularga qo`shni bo`lgan bobomning otasi rahmi kelib, qizaloqni asrab olishga qaror qilgan. Uyida o`n ikki yashar, ya`ni o`sha zamonning me`yorlariga ko`ra voyaga etgan, o`g`li bo`lgani uchun bu mumkin bo`lmagan ekan. Shu sababdan yagona chora sifatida buvimni o`g`liga nikohlab, uyiga olib ketgan. Bobomning otasini ilmli, zakovatli inson deb tilga olishadi. Demak, bu ishni jaholat emas, majburiyatdan qilgan.

«Hamon esimda, qo`limdan bir ish kelmasdi. Bobong bilan uzzukun bog`da daraxtma-daraxt sakrab, changga botib kelardik-da, kechki ovqatni eyar-emas, duch kelgan joyda uxlab qolardik. Keyin ko`tarib o`rnimizga olib borib yotqizib qo`yishardi. Men qaynonam bilan uxlardim. Dadang esa ukalari bilan boshqa xonada yotardi».

Xullas, buvim el ko`ziga kelin, aslida esa asrandi qiz bo`lib bobomnikiga kelgan. Ammo bobomning ota-onasi uni o`z farzandlari qatori ko`rishgan, hech kamsitishmagan. Bu xonadonda boshqa qiz farzand bo`lmagani uchun, juda asrab-avaylashgan ekan.

Buvim o`n etti, bobom yigirma bir yoshga to`lganida haqiqiy er-xotin sifatida hayot boshlashgan. Oradan bir yil o`tgach esa farzandli bo`lishgan. Biroq u paytda tibbiyot yaxshi rivojlanmagani uchun bolalar o`limi ko`p bo`larkan. Buvimning to`ng`ichi uch oylik payti ichketardan nobud bo`ladi. Bundan keyin ko`rgan yana to`qqiz farzandni ham tuproqqa qo`ygan buvijonimning esi kirarli-chiqarli bo`lib qolgan ekan.

«Bolalarimiz ketma-ket nobud bo`laverdi, — deb xotirlaydi bobom. – Bir safar egizak qiz ko`rdik. Fotimasi bir kun ham yashamay, o`lib qoldi. Biroq Zuhramiz pishiq ekan, hayot uchun kurashdi va g`olib keldi. Avvalgilari turmaganining sababini buvingdan ko`rishdi. «Suti zaharli», deyishdi. Zuhrani emizish uchun ikki mahalla naridan bir ayolni aravada har kuni uch mahal olib kelardik. Kechalari esa echki suti berardik. Nihoyat, qizalog`imiz oyoqqa turib, tili ham chiqib qoldi. Shodligimizning cheki yo`q edi. Biroq uch yoshga kirib, tili burro bo`lib, hammaning havasini keltirib yurgan bir paytda qizamiqdan nobud bo`ldi. Bu fojea buving tugul, meni ham engib, qaddimni bukib qo`ydi».

O`shanda bobomning ovozidagi titroq va ko`zlaridagi yosh mening ham qalbimni titratgan, yostiqqa yuzimni bosib rosa yig`lagandim. Bechoralarning boshiga bitilgan kulfatlar shu bilan tugamabdi. Undan keyin ko`rgan o`g`illari naqd to`qqiz yoshida daraxtdan yiqilib o`libdi. Shundan keyin buvim rostmana savdoyi bo`lib qolgan ekan.

«Buving bizni rosa qo`rqitgan. Kecha demay, kunduz demay qabristonga ketib qolaverar, o`g`limizning qabrini quchoqlab tong ottirardi. Menga: «Bu senga xotinlik qila olmaydi endi. Boshqaga uylan. Sog`lom ayolga uylansang, uying bolaga to`ladi», deguvchilar ko`p bo`ldi, ammo Sanobar bilan o`n ikki yoshimdan beri birga edim. Yonimda boshqa ayolni tasavvur ham qilolmasdim. Qolaversa, shunday ahvolda uni yolg`iz qoldirish qo`limdan kelmasdi. Axir, bir-birimizga et bilan tirnoqday singib ketgan edik-da. Xullas, keksa onam bir duoxon-folbinning oldiga borib, allaqanday irimlarning daragini topib keldi. Sanobarning ko`ylagini marhum o`g`limizning qabriga olib borib yopib, bir kecha ushlab turish, keyin keltirib kiydirish kerak ekan. O`shanda ko`ylak shamolda uchib ketmasin yoki biron hayvon tortqilab jo`namasin, deya butun tunni qabristonda o`tkazganman. Qo`rquvdan o`zimning ham esim og`ib qolayozgandi. «Sho`rlik xotinim bu erda qanday tong ottirarkan-a? Farzand dog`ini dushmaningga ham solmasin ekan», deb o`ylagandim o`shanda.

Ertalab horg`in holda kirib kelsam, hovlida buving o`qchib o`tiribdi. Ammangga boshqorong`i bo`lgan ekan».

Xullas, hozirda katta shifokor bo`lib ketgan ammamning dunyoga kelishi buvimni hayotga qaytargan. Ikki yil o`tgach esa dadam tug`ilgan. Ikki farzandni etkazganiga shukur qilib, ularning umrini tilab buvim va bobom hayotni davom ettirishgan.

Bobom Ikkinchi jahon urushi faxriysi edi. Uni urushga kuzatib, biri to`rt, ikkinchisi ikki yashar farzandlari bilan qolgan buvim el qatori tirikchilik dardi bilan yashagan, erining jonini salomat saqlashini Yaratgandan so`rab, to`rt yilni o`tkazgan. Bobom urushning boshidan oxirigacha qatnashib, chap elkasidan yaralangan holda uyga qaytadi. Urushga ketgunicha savodi a`lo bo`lgani sababli bosmaxonada musahhih bo`lib ishlagan ekan. Ammo qaytib kelsa, bosmaxonani allaqanday fabrikaga aylantirishibdi. Xullas, u amakisining yoniga kirib, yangi kasb – suvoqchilikni o`rganadi. Elkasidan yaradorligi, ishning zah va noqulayligiga qaramay tirikchilik dardida ishlayveradi.

Biroq buvim va bobomga atalgan hayotning sinovlari hali tugamagan ekan. Qishning qorasovuq kunlari pechkadan uchqun sachrab, uylari yonib ketadi. Bobom shahar tashqarisidagi imoratning suvoq ishlari bilan mashg`ul bo`lib, uyga haftada bir kelarkan. O`sha tunda negadir homilador xotinidan ko`ngli notinch bo`ladi va ertalab oilasidan xabar olgani kelsa, uyi keltepa bo`lib yotganini ko`radi. Qo`shninikidan yig`lab chiqqan ayolidan «Bolalar omonmi?  O`zingga hech nima qilmadimi?», deb so`raydi-da, hamma sog`ligini eshitgach: «Xudo bekorga meni quruvchilikka yo`naltirmagan ekan-da. Kuyinma xotin, bir uy bo`lsa, amallaymiz», deya buvimni yupatadi. Buvim yong`inda ikki farzandini ko`tarib qochgan, hatto oyog`iga kalish ham kiymagan ekan. Mahalla-ko`y, qarindosh-urug`ning ko`magi bilan amallab qishdan chiqishadi. Buvim o`shanda oyoq kasaliga chalingan. Yozda esa kenjatoyi Mansur amakim dunyoga kelgan.

Mansur amakimni yaxshi xotirlayman. Qad-qomati kelishgan, harbiy odam edi. Shu sohaga butun umrini bag`ishladi. Men o`n yoshlarda edim, chamasi. Amakim Afg`onistondagi harbiy amaliyotlarda qatnashar, buvim bilan bobom kunu-tun uning duoi jonini qilib o`tirishardi. Bir kuni uyimiz yig`i-sig`i, motamga to`ldi. Amakimning halok bo`lgani haqida xabar keldi. Buvimning «Bunisini ham peshonamga sig`dirmadi», deya qilgan nolalari hamon qulog`imda jaranglaydi. Bechora bobom va buvim shu bilan o`ninchi farzandni tuproqqa topshirishdi…

 Bobom buvimni «Sanobarim» derdi, oldidan ham, orqasidan ham. Ba`zida buvim atrofdagilardan uyalib «Shunchaki otimni aytib qo`yaqoling, «im»iga balo bormi?», desa, bobom: «Xo`p» derdi-yu, ammo o`z bilganidan qolmasdi. Buvim esa biron marta bobomning ismini aytmagan. Harholda, men buni eslolmayman. Nuqul «dadang», «bobong» deb gapirardi. Esimda, buvimning oyog`i qattiq og`rib, shifoxonaga tushib qoldi. Shunda bobom ham shifoxonaga yotib oldi. Ancha yillardan beri elkasidagi og`riq azobiga chidab, shifokor ammamning bitta igna sanchishiga ham ruxsat bermagan odam (ukoldan juda qo`rqardi), shifoxonaning barcha shartlariga ko`nib, davolanishga rozi bo`ldi. Maqsad, buvim bilan yonma-yon bo`lish edi.

Buvimni sakson bir, bobomni esa sakson to`rt yoshida, ya`ni bir yilda tuproqqa topshirdik. Bobom buvimdan keyin atigi uch oy yashadi. Hisoblab ko`rsam, ular etmish ikki yil yonma-yon bo`lishibdi. Bu — bir inson umri degani. Men buvim va bobomning hayotini sabru qanoat, mehru muhabbat, vafoyu sadoqat maktabi degim keladi. Yaxshiki, shu hikoyalarni tinglab katta bo`lgan ekanman. Xulosalar asqotayapti. Yuqoridagi voqealarni esa bugun arzimas bahonalar bilan buzilib ketayotgan oilalarga turmush qiyinchiliklarini elkama-elka turib enggan, bir-biriga butun umr suyanchu tayanch bo`lib, oila qo`rg`onini ardoqlab kelgan qadrdonlarim hayoti ibrat bo`lar degan maqsadda qog`ozga tushirdim.

Shahnoza SOATOVA

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1