Toshkentda bo`lib o`tgan “III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” xalqaro va xorijiy amaliyot, ilg`or tajribalar misolida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha ko`rilayotgan choralarning mohiyati va ahamiyatini, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro hamjamiyat e`tiboriga havola etish imkonini berdi.
Mazkur Forum korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan choralar hamda erishilgan natijalarni mahalliy va xorijiy hamkorlar, keng jamoatchilik bilan muhokama va sarhisob qilish, mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan o`zaro tajriba almashish va bu borada xalqaro hamkorlik ko`lamini yanada kengaytirish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olishga xizmat qilib kelmoqda.
Shu maqsadda bu yilgi nufuzli tadbir Janubiy Koreya, Qatar, Malayziya, Estoniya, Finlyandiya, Latviya, Gonkong hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga mas`ul idoralari rahbarlari hamda Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, “Mintaqaviy Muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti, Xalqaro hamkorlik bo`yicha Germaniya jamiyatining etakchi ekspertlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiq muloqot, qizg`in muhokama va o`zaro tajriba almashishda navbatdagi o`ziga xos platforma bo`ldi.
Forumda xalqaro va xorijiy amaliyot, ilg`or tajribalar misolida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha ko`rilayotgan choralarning mohiyati va ahamiyati, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga bag`ishlangan taqdimotlar qilindi.
Ahamiyatli yana bir jihati shundaki, Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha Mintaqaviy platforma ishga tushirildi. Mazkur platforma Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan BMT Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi qoidalarini yanada samarali amalga oshirishga ko`maklashish, bu borada mintaqa mamlakatlarining o`zaro hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Platforma faoliyati korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha samarali profilaktik chora-tadbirlar, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish va xalqaro hamkorlik kabi yo`nalishlarni qamrab oladi.
Platformaning o`ziga xos vazifalari o`zaro axborot va ta`lim almashish, bilimlarni boshqarish va mintaqada korrupsiyaga qarshi kurash siyosatining ustuvor yo`nalishlari bo`yicha kelishuvlar uchun forum tashkil etish, hamkorlikni muvofiqlashtirishni takomillashtirishga qaratiladi.
Forum doirasida “Axborotdan foydalanish korrupsiyaning oldini olishning samarali usuli sifatida”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari tomonidan davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish”, “Korrupsiyaga qarshi ta`lim va tarbiya korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari sifatida” mavzusidagi sessiyalarda mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan turli taqdimotlar o`tkazilib, o`zaro tajriba almashildi.
Forum doirasida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikning o`ziga xos jihatlari, uning istiqbollari, sohaning huquqiy va institusional asoslarini takomillashtirish, O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish oid islohotlarni amalga oshirishda ko`maklashish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi, nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati shakllari mavzularida intraktiv sessiyalar ham bo`lib o`tdi.






