Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo`qon temiryo`l vokzallari va ulardagi bo`sh joylar davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga beriladi. Bu haqda “O`ztemiryo`lyo`lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Temiryo`l sohasida biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida 10 oktyabr kuni prezidentining “O`zbekiston Respublikasi temir yo`l transporti sohasini tubdan isloh qilish to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qaror ijrosiga ko`ra, noyabr oyidan boshlab, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo`qon temiryo`l vokzallari, ularda joylashgan bo`sh hududlarni tadbirkorlarga davlat-xususiy sherikchilik hamda shartnoma asosida ijaraga beriladi. Tadbirkorlar vokzallar va bo`sh joylarni ijaraga olishlari va ularda bizneslarini rivojlantirishlari uchun imkoniyati yaratildi.
Toshkent-Markaziy temir yo`l vokzalida tadbirkorlar uchun 4 ming kvadrat kilometr joy bo`lib, xususiy sherikchilik hamda ijaraga berilmoqda. Bu erda tadbirkor ofis uchun joy, mehmonxona, do`kon, xizmat ko`rsatish shoxobchalari hamda savdo markazlari tashkil qilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, temiryo`l vokzallaridagi bo`sh hududlarni ijaraga olmoqchi bo`lgan tadbirkorning taklifi o`rganilib, tanlangan joy “E-auksion” platformasi orqali ijaraga beriladi.






