Joriy yilning 20 oktyabr kuni Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasiga noma`lum shaxs tomonidan yovvoyi qum tovushqonini ovlaganligi aks etgan rasm kelib tushgan. Bu haqda boshqarma Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Holat yuzasidan ekologik surishtiruv o`tkazilganda, rasmda aks etgan fuqaro Angor tumani "Xomkon" mahallasida yashovchi N.H. ekanligi ma`lum bo`lgan.
O`rganishlar davomida fuqaro N.H. Angor va Muzrabot tumanlari hududida 2022 yilda ruxsatnomasiz, tungi vaqtda 6 bosh, 2023 yilda 11 bosh qum tovushqonini ov qilish muddatlariga zid ravishda taqiqlangan usul ya`ni tungi yoritish moslamasi bilan ovlaganligi aniqlangan.
Natijada fuqaroga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan, ma`muriy jarima belgilandi.
Ta`kidlanishicha, fuqaro tomonidan 2022 yilda 5 mln 400 ming so`m, joriy yilda 10 mln 890 ming so`m tabiatga zarar etkazilgan.
Mazkur holat bo`yicha to`plangan hujjatlar qonuniy chora ko`rish maqsadida JIB Sherobod tuman sudiga yuborilgan.






