"The Indian Express" gazetasida O`zbekistonning turistik jozibadorligiga bag`ishlangan maqolachop etildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Maqola muallifi, yaqinda O`zbekistonga bir haftalik sayohat qilgan Aakash Joshi O`zbekiston shaharlarining go`zalligi, mahalliy aholining mehmondo`stligi, jamiyatning bag`rikengligidan ruhlangan, O`zbekiston va Hindiston me`morchilik an`analarida o`xshashlik izlagan va ikki mamlakat xalqlarining tarixiy yaqinligi haqida fikr yuritgan.
Maqolada O`zbekiston aholisi sayyohlar, ayniqsa hindistonlik turistlarga do`stona munosabat bildirishi bayon etilgan, mamlakat nafaqat diqqatga sazovor joylar, balki yangi istiqbolli yo`nalishlarni izlayotgan sayohatchilar manzili bo`lib qolayotgani ta`kidlangan.
Muallif O`zbekiston sayohatchilar uchun, birinchi navbatda, arzon narxlar va yuqori sifatli xizmat taklif qilmoqda, deb fikr bildirgan. "Biroz tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgach, Dehlidan Toshkentga va ortga ikki yarim soatlik parvoz sizga Bangalorga sayohatdan kamroq xarajatga tushadi. Shuningdek, sayyohlik vizasini olishning qulay jarayoni joriy etilgan, Hindistondagiga qaraganda ancha arzon narxlarda shinam butik mehmonxonalar mavjud. "Yandeks taksi" ilovasi barcha shaharlarda mavjud va Hindistondagi "Uber" va "Ola"ga nisbatan yaxshiroq ishlaydi", - deya o`z tajribasi bilan o`rtoqlashadi u.
"O`zbekiston o`zining boy merosi, me`morchiligi va tarixi uyg`unligi bilan madaniyat va go`zallik har bir inson uchun naqadar muhim ekanini namoyon etmoqda", - deyiladi maqolada.
"The Indian Express" gazetasi jurnalisti O`zbekiston va Hindistondagi tarixiy obidalarda o`xshashlikni kuzatadi: "Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi va Registon maydoni, Buxorodagi Ark, Chor minor va Kalon masjidi va O`zbekistonda qad rostlab turgan boshqa ko`plab yodgorliklar yurtimizdagi inshootlarni eslatardi. Albatta, ular bir birini takrorlamaydi, lekin tashqi o`xshashliklar mavjud edi".
Ammo zarur bo`lgan xarajatlar hisob-kitobi va boshqa qulayliklardan tashqari, mamlakatda sarhadsiz keng insoniy samimiyat tuyg`usi hukm surmoqda. Hindistonlik sayyohlar ham buni his qilishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan Aakash Joshi.
"Bu ko`p jihatdan hind kino sanoatining ommabopligi bilan ham bog`liq, - deb so`z yuritadi muallif. – Agar hindistonlik ekaningiz ma`lum bo`lib qolsa, "Shohruh Xon! Raj Kapur! Ayshvariya Ray!" kabi hayajonli so`zlarni eshitasiz. Ommabop sayyohlik maskanlarida mahalliy fuqarolar siz bilan birga suratga tushishni iltimos qiladi».
Nashr muxbiri Toshkent, Samarqand va Buxoroda O`zbekiston va Hindistonning tarixiy yaqinligidan dalolat beruvchi ko`plab chizgilarni kuzatgan.
"Toshkent Dehlidan kichikroq, - deb hikoya qiladi u. - Bu erda tevarak-atrof tozalikdan chinniday yarqiraydi, yo`l harakati tezroq va madaniyatliroq (piyodalar haqiqiy ustunlikka ega). Shahar me`morchiligida ko`p tanish jihatlarni ko`rasiz, chunki Neru davridagi Hindistonni ilhomlantirgan sosialistik modernizm belgilari yaqqol ko`zga tashlanadi. Zamonga moslashish maqsadida bunyod etilgan yorqin binolar ham alohida ajralib turadi. Amir Temur xiyoboni e`tiborga molik inshootlar bilan o`ralgan. Shahar bo`ylab so`lim bog`lar, ajoyib teatrlar va muzeylar joylashgan. Ammo Toshkentning eng haqiqiy tuyg`usi uning metrosi va poezdlari bilan bog`liq. Metro bekatlari san`at asarlariga o`xshaydi. Ammo ular shaharliklar va poytaxt mehmonlari tomonidan foydalaniladigan, tarix va me`morchilikni, kosmonavtlar va shoirlarni ulug`laydigan jonli inshootlardir. Shoshqaloqlik va shovqin-so`ron yo`q. Madaniyat va go`zallikdan hamma birdek zavqlanadi".
Samarqand va Buxoro ham yorqin ranglarda tasvirlangan. «Toj Mahalning oq marmar toshlari muhabbat yodgorligi bo`lsa, Samarqanddagi moviy jilvali yodgorliklar va keng Registon maydoni ilmiy hissiyotlar va oqillikdan dalolat beradi. Buxoro ham xuddi shunday go`zal, lekin u yanada sokin, kichik ko`llar, ajoyib ichimliklar va taomlar bilan boy».
Muallifning odamlarning yaqin-atrofdagi qo`shnilarning ma`naviy-diniy qadriyatlariga munosabati, turli millat vakillari o`rtasidagi bag`rikenglik, jamiyatning tarixiy jarayonlar va o`tmishga nisbatan zamonaviy qarashlari haqidagi kuzatishlari ham e`tiborga molik.
"Mamlakat hindlarning musulmonlar haqidagi fikrini tubdan o`zgartirib yuborishi mumkin. Zero, birgina Samarqandning o`zida o`nlab millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Shahar Ipak yo`lining boy merosiga ega va ulkan saltanatning poytaxti bo`lgan", - deya ta`kidlaydi jurnalist.
U Amir Temur va Mirzo Ulug`bek haqida so`z yuritgan, lekin Bobur shaxsiga alohida urg`u bergan. «Biz tarixiy o`zaro aloqalar, boy meros inshootlari, o`ziga xos taomlar uchun qisman bo`lsa-da minnatdorchilik bildirish kerak bo`lgan inson - bu bugun tez-tez esga olinayotgan Temuriy shahzodadir", deya muxbir o`z fikrlarini bildiradi.
Jurnalist "Bobur temuriyzoda bo`lgan. Uning sharofati bilan Hindiston kengroq tarixning bir qismiga aylandi, qadimiy tamaddun yanada boyidi", - deb ta`kidlagan "The Indian Express" jurnalisti.