AsosiyDunyo

Dunyoda COVID-19 ning qaysi mutasiyalari keng tarqalmoqda? JSST izoh berdi

'Dunyoda COVID-19 ning qaysi mutasiyalari keng tarqalmoqda? JSST izoh berdi'ning rasmi

Bugun dunyo bo`ylab koronavirus pandemiyasi bekor qilingan. Karantin cheklovlari amalda emas. Shunga qaramay,  COVID-19 mutasiyaga uchrashda davom etmoqda va har bir mamlakatda uning qaysidir shtamm yoki subvariantlari dominant. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti mas`ul vakili Mariya Van Kerxovening ta`kidlashicha, hozir Er yuzida qayd etilayotgan barcha shtammlar "omikron" mutasiyalaridir. Ulardan biri "Eris" deb nomlangan EG.5 varianti bo`lib, u sayyoramiz bo`ylab tarqalgan SARS-CoV-2 versiyalarining yarmidan ko`pini tashkil qiladi.  

JSST avgust oyida mazkur subvariantni kuzatuv ostiga olgandi. Bunga yoz oylarida EG.5 ning keskin ko`payishi sabab bo`ldi. Ammo yaqinda AQShda HV.1 versiyasi "Eris"ni "quvib" o`tdi. U mamlakatda ro`yxatga olinayotgan COVID-19 tashxisli bemorlarning 29 foizida qayd etilyapti.  

Evropa mamlakatlarida esa "Kraken" yoki EG.5 kabi variantlar dominant. Ularning jami holatlardagi ulushi taxminan 67 foizga teng.  

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan "xavotirli variant" deb atalgan VA.2.86 (pirola) mutasiyasining tarqalish sur`ati esa ancha sekin. Ilk bor iyul-avgust oylarida Isroil va Daniyada aniqlangan bu versiya emlashdan so`ng hosil bo`ladigan immunitetga bir muncha oson "chap berish" xususiyatiga ega, deb aytilayotgandi.  

Fransiyada esa VA.2.86 ning subvarianti hisoblangan JN.1 mutasiyasi keng tarqalmoqda.  

Oksford universiteti professori Endryu Pollardning so`zlariga ko`ra, kelgusida yangi variantlar paydo bo`lishda davom etadi. Ular ma`lum bir muhitda xavf guruhga mansub aholi o`rtasida shifoxonaga yotqizish holatlari va hatto o`lim ko`rsatkichlari oshishiga olib kelishi mumkin. Ammo hozircha bunday epidemiologik vaziyat kuzatilayotgani yo`q.  

Mariya Van Kerxove bu xususdagi xulosalari bilan o`rtoqlashar ekan, COVID-19 ga gumon qilinganlar, albatta, maxsus test — sinamalarni topshirishlari kerakligini ta`kidladi.  

Bu nafaqat kasallikni o`z vaqtida aniqlab, samarali davolash, balki koronavirus populyasiyasi va mutasiyalarini kuzatish hamda o`rganish imkonini ham beradi.

 

 

    Boshqa yangiliklar