Joriy yilning 5-7 dekabr kunlari o`qituvchilar bilim darajasi past bo`lgan tuman va shaharlardagi pedagoglarni jalb qilgan holda malaka toifalari berishning yangi tizimi kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) tajriba-sinov shaklida o`tkaziladi. Bu haqda MMT Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunda Andijon shahri, Paxtaobod, Qorao`zak, Olot, Baxmal, G`allaorol, Qamashi, Chiroqchi, Konimex, Yangi Namangan, Urgut, Boysun, Sherobod, Sayxunobod, Sirdaryo, Bo`ka, Ohangaron, Oltiariq, Hazorasp va Yangihayot tumanlaridagi maktab o`quvchilari ishtirok etadi.
Tajriba-sinovdan o`tkazish jarayonlariga ushbu tuman shahardardagi 4 500 yaqin pedagoglar jalb etilgan.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o`tkazishdan asosiy maqsad, mazkur jarayonlarning tahlili bo`yicha malaka sinovi materiallarining formati, baholash mezonlari, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me`yorlari hamda boshqa muhim jihatlarini yanada takomillashtirish, aniqlangan kamchiliklar asosida malaka test jarayonlarini yanada sifatli tashkil etishdan iboratdir.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o`tkazishda ishtirok etgan pedagoglarning olgan natijalari ularning malaka toifalari yoki lavozimga loyiqligi masalasini ko`rib chiqishga ta`sir qilmaydi.
Tajriba sinov jarayonlarini o`tkazish va ularning natijalari malaka (test) sinov jarayonlari test topshiriqlarini takomillashtirish va tahlil etishda foydalaniladi.
Tajriba sinovdan o`tkaziladigan mutaxassislik fani va kasb standarti, pedagogik mahorat bo`yicha nazorat materiallari Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan.
Jarayonlar joylardagi test sinovlarini o`tkazish sharoitlariga ega bo`lgan Maktabgacha va maktab ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari, Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi yoki Barkamol avlod maktablari binolarida tashkil etiladi.
Malaka (test) sinovi kompyuter orqali onlayn shaklda o`tkaziladi va jami 25 ta fandan 3 ta tilda (o`zbek, rus, qoraqalpoq), har bir fandan 2 tadan variantda shakllantirilgan. Test sinov jarayonlariga mos ravishda 90 va 120 minutdan vaqt ajratiladi.
Malaka toifalari berishning yangi tizimini tajriba-sinovdan o`tkazish jarayonlari joriy yilning 7 dekabriga qadar mamlakatimiz bo`ylab davom etadi.
Bugun Toshkent shahrida o`tkazilayotgan mazkur tajriba-sinov jarayonlarida poytaxtning Yangihayot tumanidagi 250 nafarga yaqin o`qituvchilar ishtirok etmoqda. 6 dekabr kuni o`tkazilishi rejalashtirilgan test sinovlarida Toshkent viloyatining Bo`ka va Ohangaron tumanlaridagi o`qituvchilar ishtirok etadi. Shuningdek, ertaga tajriba-sinov test jarayonlari mamlakatimizning boshqa hududlarda ham o`tkaziladi.
Ma`lumot uchun aytish lozimki, mazkur yangi tizim xorijiy davlatlar, xususan Birlashgan Arab Amirliklari va Singapur kabi davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan mavzuga oid savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.