AsosiyJamiyat

Milliy tanlov g`oliblari taqdirlandi

'Milliy tanlov g`oliblari taqdirlandi'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta`lim va innovasiyalar” milliy tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`ldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Tanlov Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi,  Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bunda O`zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi. 

Milliy tanlov joriy yil 1 iyunda e`lon qilinib, 15 noyabrga qadar davom etdi. Bu jarayonda inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta`lim va innovasiyalarni rag`batlantirish orqali aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari bo`yicha huquqiy madaniyati va savodxonligini yanada oshirish, ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash masalalari alohida e`tibor markazida bo`ldi.

Tanlovga talabgorlardan 81 ta ariza kelib tushdi. Arizalar quyidagi nominasiyalar bo`yicha taqdim etildi:

  • “Eng yaxshi rasm (mavzu: "Inson huquqlari bolalar nigohida")” – 18 ta ariza;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag`ishlangan eng yaxshi videorolik” – 10 ta ariza;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag`ishlangan eng yaxshi o`quv adabiyotlari” – 3 ta ariza (bosma va elektron o`quv adabiyotlari);
  • “Inson huquqlari bo`yicha eng yaxshi maqola (ilmiy va ommabop maqolalar)” – 20 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bilimdoni” – 19 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bo`yicha eng yaxshi innovasion g`oya muallifi” – 8 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bo`yicha eng yaxshi o`quv kursi” – 3 ta ariza.

Hakamlar xay`ati arizalar va ijodiy ishlarni sinchiklab o`rganib chiqdi. Natijada 5 ta nominasiya bo`yicha g`oliblar aniq bo`ldi. 

Qolgan nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanmadi. Chunki tanlov Nizomiga ko`ra, agar biror nominasiya bo`yicha 3 tadan kam ariza kelib tushsa, o`sha nominasiyada tanlov o`tkazilmaydi. 

Shu nuqtai nazardan, “Inson huquqlari va erkinliklariga bag`ishlangan eng yaxshi o`quv adabiyotlari” hamda “Inson huquqlari bo`yicha eng yaxshi o`quv kursi” nominasiyalari bo`yicha etarlicha ariza kelib tushmadi. Shu munosabat bilan Hakamlar xay`ati tomonidan mazkur ikki nominasiya bo`yicha g`oliblarni aniqlash masalasi ko`rib chiqilmadi.

Tanlov g`oliblariga diplom va sovg`alar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o`quv kursida ishtirok etgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o`tgan 19 nafar tinglovchiga ham sertifikatlar topshirildi. Ushbu mashg`ulotlar 2023 yil 14-17 noyabr kunlari O`zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan. 

Shuningdek, inson huquqlari sohasida ta`lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o`quv kurslarini o`tkazishda faollik va tashabbuskorlik ko`rsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining ko`p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi ikki nafar faxriy xodimiga “Mehnat faxriysi” ko`krak nishoni topshirildi. Ushbu mukofot O`zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi Vasiylik Kengashining qaroriga ko`ra taqdim etildi.

Ushbu tadbirlarning barchasi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 75 yilligi va 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e`lon qilingan "Inson huquqlari o`n kunligi" doirasida o`tkazildi. 

 

 

    Boshqa yangiliklar