AsosiyDunyo

Turkiya Milliy barqaror turizm dasturida ikkinchi o`rinni oldi

'Turkiya Milliy barqaror turizm dasturida ikkinchi o`rinni oldi'ning rasmi

Global Barqaror Turizm Kengashi (GSTC) bilan hukumat darajasidagi shartnomani imzolagan dunyodagi birinchi davlat bo`lgan Turkiya, SOP 28 (28-UNSSS Tomonlar Konferensiyasi)dagi Turkiya pavilonida turizmga yo`naltirilgan davra suhbati tashkil etdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o`zgarishi bo`yicha konferensiyasidagi Turkiya muzokarasida, mamlakatning etakchi Milliy Barqaror Turizm dasturiga e`tibor qaratildi. Kapadokiya universiteti rektori Prof. Dr. Hasan Ali Karasar tomonidan o`tkazilgan suhbatda Turkiya Turizmni targ`ib etish va rivojlantirish agentligi (TGA) boshqaruv a`zosi Kaan Kashif Kavalo`g`li, TGA Bosh direktor o`rinbosari Dr. Elif Balji Fisunog`lu, GSTC boshqaruv kengashi raisi o`rinbosari Ramkumar (Ram) va Turkiya mehmonxonachilar federasiyasi (Türofed) prezidenti Erkan Yag`ji ishtirok etdi.

Muzokara davomida, Ramkumar, “Barqarorlik juda batafsil mavzu va biz ko`plab mamlakatlar turizm sohasida o`zlarining yo`l xaritasi asoslarini hali ham muhokama qilayotganini ko`rmoqdamiz. Boshqa tomondan, Turkiya allaqachon qonuniy asosini tugatgan va hozirda barcha turar joy ob`ektlari uchun majburiy bo`lgan dasturini ishga tushirdi. Dastur yuzlab sertifikatlangan va tasdiqlangan mehmonxonalar bilan sezilarli natijalarni ko`rsata boshladi va shu tariqa Turkiya hozirda turizm sohasida barqarorlikning global namunasi bo`lib kelmoqda” dedi. 

TGA bosh direktori o`rinbosari Dr. Elif Balji Fisunog`lu Turkiya dasturining qanday tuzilgani va amalga oshirilganini tushuntirdi. Dr. Fisunog`lu, “Barqarorlik yondashuvimiz asoslari Madaniyat va Turizm Vazirligining “Yashil Yulduz” dasturini boshlagan 2008 yilga borib taqaladi. 2021 yilda Turkiya Parij kelishuvini imzolaganidan so`ng taraqqiyotimiz jadallashdi va 2022 yilda GSTC bilan hamkorlik shartnomasini imzoladik. 2023 yil so`ngiga yaqinlashar ekanmiz, Turkiyada 1 milliondan ortiq mehmonxona yotoqlarining sertifikatlangan va tasdiqlanganini g`urur bilan aytishimiz mumkin” deya fikr bildirdi.

Turkiya Milliy barqaror turizm dasturi to`rtta asosiy ustuvorlikka ega: barqaror boshqaruv, ekologik barqarorlik, madaniy barqarorlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik. Bu doirada Turkiya 19 ta Madaniy, 2 ta aralash YuNESKO Jahon merosi, 82 ta YuNESKOning taxminiy ro`yxatidagi madaniy va tabiiy meros ob`ektlari, 8 ta YuNESKO ijodkor shaharlari va 25 ta nomoddiy madaniy meros ob`ektlari bilan dunyoda 2-o`rinni egalladi. Turkiyada, shuningdek, Michelin GUIDEda barqarorlikka e`tibor qaratuvchi yashil yulduzli 5 ta restoran mavjud bo`lib, bu turk gastronomiya ekotizimining ham barqaror yondashuvlardan xabardor ekanligini ko`rsatadi.

Turkiya mehmonxonachilar federasiyasi prezidenti Erkan Yag`ji, dasturning nomoddiy foydalari bilan bir qatorda Turkiyadagi mehmonxonalar ham sertifikat olishining iqtisodiy foydasini ko`ra boshlaganini ma`lum qildi. Yag`ji, “Barqaror turizmga aniq talab bor va sertifikatlangan mehmonxonalarimiz sayohatchilarni baholash ro`yxatida yuqori o`rinlarga ko`tarilayotganiga guvoh bo`lmoqdamiz” dedi.

TGA dasturi hamkori Kapadokiya universiteti rektori Prof. Dr. Hasan Ali Karasarning aytishicha, dastur turizm ob`ektlarining standartlarini yanada oshiradi va barqaror va mas`uliyatli turizm amaliyotlarini targ`ib qilish, shuningdek, tabiiy va madaniy meros resurslarini himoya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo`llab-quvvatlash orqali turizm faoliyatining barqarorligini ta`minlashga qaratilgan. 

    Boshqa yangiliklar