AsosiyDunyo

Kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagan

'Kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagan'ning rasmi

“O`zbekkosmos” agentligi Tolibon qurayotgan “Qo`shtepa kanalidan suv sizib chiqqani haqidagi o`z ma`lumotlarini taqdim etdi.

Unga ko`ra, “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalisiyasi ekspertlarining Qo`shtepa kanalidan katta hajmda suv sizib chiqqani haqidagi xabari turli fazoviy o`lcham aniqligidagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida o`rganib chiqilgan. Agentlik kanal qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam kuzatib, qazish ishlari olib borilayotgan hududda o`tgan yilning may oyidan boshlab erosti sizot suvlarining ko`tarilganini aniqlagan.

"Qurilish davomida kanalning to`rtta qismida sun`iy to`siqlar qoldirilgan bo`lib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida, 2023 yil 10 oktyabrda to`liq olib tashlangan va suv oqimi hosil bo`lgan. Kosmik monitoring natijasida 2023 yil 4 noyabr kuni Qo`shtepa kanalining 75,6-kilometrida o`ng qirg`oqning 30 metrga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5 noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km kv, 25 noyabrda – 23,8 km kv, 13 dekabr holatiga esa 30,3 km kv ni tashkil etib, suvni to`xtatish choralari ko`rilmagan", deyiladi “O`zbekkosmos”ning tahlilida.  

Ekspertlar fikricha, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagani natijasida yuzaga kelgan. O`z navbatida, kanal qurilishiga mas`ul afg`on muhandislari erosti sizot suvlarining me`yorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo`naltirilganini ta`kidlamoqda.

Qo`shtepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmagani, daryoga ulanish joyida hozirda 20 m ga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini ko`rsatmoqda. Shu bilan birga, o`ta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yo`naltirish uchun kanal qirg`og`ida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo bo`lishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganini ko`rsatmoqda. 

"Shunday qilib, o`tkazilgan tahlillar internet tarmog`ida tarqatilayotgan “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalisiyasi ekspertlarining Qo`shtepa kanali qirg`og`i Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani to`g`risidagi ma`lumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv sizot suvlari ekanligini tasdiqlaydi", deya xulosa qilgan agentlik mutaxassislari.

    Boshqa yangiliklar