Surxondaryo viloyatida mashina saloniga 13 kishini mindirib harakatlangan Damas haydovchisiga chora ko`rildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Jarqo`rg`on tumanida Surxondaryo viloyati IIB JXX Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Damas avtomashinasida o`rindiqlar sonidan ortiqcha odam tashigan haydovchini nazorat tartibida to`xtatib, tekshirgan. Natijada avtoulovda haydovchi bilan 14 kishi ketayotgani ma`lum bo`lgan.
IIB JXX Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmatiga ko`ra, 13 yo`lovchi ketayotgan Damas boshqaruvchisining haydovchilik guvohnomasi ham bo`lmagan.
Qoidabuzar haydovchiga nisbatan tegishli hujjat rasmiylashtirilib, amaldagi qonunchilik doirasida chora ko`rilgan.






