AsosiyDunyo

Ekvadorda qurollangan shaxslar to`g`ridan to`g`ri efir vaqtida telekanalga hujum uyushtirdi. Mamlakatda jinoiy to`dalarga qarshi urush e`lon qilindi (video)

'Ekvadorda qurollangan shaxslar  to`g`ridan to`g`ri efir vaqtida telekanalga hujum uyushtirdi. Mamlakatda jinoiy to`dalarga qarshi urush e`lon qilindi (video)'ning rasmi

Ekvadorning Guayakil port shahrida 9 yanvar kuni qurollangan shaxslar to`g`ridan to`g`ri efir vaqtida TC Televisión davlat telekanaliga bostirib kirdi hamda bir necha jurnalist va xodimlarni garovga oldi. Jonli efir to`xtatilmadi, ammo suratga olish maydonchasidagi chiroqlar o`chirilib, baqiriqlar, o`q ovozlari va xodimlar kaltaklanayotgani eshitilgan. Bu haqda "zamon.uz" yozmoqda.

TC yangiliklari koordinatori va muxbiri Leonardo Flores Morenoning Reuters agentligiga aytishicha, hujumchilar qabulxonaga bostirib kirib, telekanal xodimlariga hujum qilgan va «dinamit qo`ygan». Ikki kishi jarohatlangan, shundan so`ng translyasiya to`xtatilgan. Keyinroq polisiya «tartib o`rnatilgani»ni va hujumchilardan 13 nafari qo`lga olinganini ma`lum qildi. 

Prezident ichki qurolli to`qnashuv haqida ma`lum qildi 

Telekanaldagi voqeadan ko`p o`tmay va Ekvadorda banditizm kuchaygani munosabati bilan mamlakat prezidenti Daniel Noboa barcha jinoiy guruhlarni yo`q qilishga buyruq berdi. Seshanba kuni kechqurun e`lon qilingan farmonda u «ichki qurolli mojaro» rejimini e`lon qilib, qurolli kuchlarga yigirmaga yaqin jinoiy tashkilotlarga qarshi operasiya o`tkazishni buyurdi. Farmonda Ekvadorda faoliyat yuritayotgan jinoiy to`dalar yo`q qilinishi lozim bo`lgan terrorchi tashkilotlar va urush qatnashchilari deb ataladi. 

Ekvadorda favqulodda holat e`lon qilindi

Bir kun oldin, qamoqxonalarda zo`ravonlik avj olgan bir paytda, prezident Noboa mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat haqida e`lon qildi. Bu davrda mamlakatda soat 23:00 dan 5:00 gacha komendantlik soati joriy etiladi. 

Shundan so`ng Ekvadorda darhol bir nechta qurolli hujumlar sodir bo`ldi, ular davomida kamida to`rt nafar polisiyachi o`g`irlab ketildi. Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Guayakil meri Akilesa Alvaresning 9 yanvar kuni bo`lib o`tgan matbuot anjumanida ma`lum qilishicha, kun davomida shaharning turli joylarida sodir etilgan hujumlarda kamida sakkiz kishi halok bo`lgan, ikki kishi yaralangan. 

Katta jinoiy guruh rahbari, taniqli mafioz qamoqxonadan qochdi

Mamlakatda favqulodda holat e`lon qilinishiga hibsxonalarda yuzaga kelgan tartibsizlik sabab bo`ldi.

Fito laqabli AdolfoMasiyasVilyamar Los Choneros nomli qudratli mafiya guruhini boshqargan va 12 yildan beri qamoqxonada saqlangan.

Vilyamarning kamerasi Guayakildagi qamoqxonaning bir qismida joylashgan bo`lib, qattiq qo`riqlanishi kerak bo`lgan.

Ekvador prezidenti Daniel Noboa shu holat sababli mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e`lon qildi. Favqulodda holat davrida jamoat yig`ilishlari vaqtincha taqiqlandi, unda komendantlik soati amal qiladi.

"Narkoterror guruhlari BIZni qo`rqitmoqchi va biz ularning talabiga bo`ysunamiz deb o`ylashmoqda. Ammo biz terrorchilar bilan muzokaralar olib bormaymiz va mamlakatda tinchlik o`rnatmagunimizcha tinchlanmaymiz", — dedi prezident Noboa.

35 yoshli Daniel Noboa o`tgan yilning oktyabrida bo`lib o`tgan prezidentlik saylovida g`alaba qozongan. Saylov kampaniyasi vaqtida nomzodlardan biri, sobiq jurnalist va mafiyaga qarshi kurashchi FernandoVilyavisensio o`ldirilgan. Vilyavesensioga tahdid qilgan Los Choneros va Fitoning shaxsan bu qotillikka aloqadorligi gumon qilinmoqda.

Qo`shni davlatlar Ekvador bilan chegaraga qo`shin yubormoqda 

Ekvadorda ro`y berayotgan voqealar munosabati bilan qo`shni davlat Peru ichki ishlar vaziri Viktor Torres Falkon mamlakatda banditizm kuchayib borayotgan bir paytda xavfsizlikni kuchaytirish uchun Ekvador bilan chegaraga polisiya kuchlarini «zudlik bilan» jo`natishni buyurdi. Bu haqda mamlakat davlat IIV ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi. Peru hukumati zo`ravonlikni qoraladi va prezident Noboani to`liq qo`llab-quvvatlab chiqdi. Paragvay hukumati ham Ekvador bilan birdamlik bildirdi. 

Daniel Noboa avvalroq favqulodda vaziyatdan qurolli kuchlarni «to`liq siyosiy va huquqiy qo`llab-quvvatlash» uchun foydalanish niyatida ekanini tushuntirgan edi. U oktyabr oyida davlat rahbari etib saylandi hamda so`nggi yillarda AQSh va Evropaga kokain etkazib berish bo`yicha asosiy markazlardan biriga aylangan mamlakatda narkotik jinoyati va zo`ravonlikka qarshi kurashish niyatida ekanini ma`lum qildi. 

    Boshqa yangiliklar